“Xalq taʼlimi tizimida davlat xizmatlarini koʻrsatishni yanada takomillashtirish toʻgʻrisida"gi Hukumat qarori qabul qilindi.

Qaror bilan davlat xizmatlari koʻrsatishning maʼmuriy reglamentlari tasdiqlandi. Unga koʻra, har yili 1-maygacha oʻquvchilarni 1-sinfga qabul qilish va bir maktab (sinf)dan boshqasiga oʻtkazish boʻyicha davlat xizmatlari koʻrsatiladigan hududlar roʻyxati tasdiqlanadi va Xalq taʼlimi vazirligi rasmiy veb-saytida eʼlon qilinadi.

Qayd etilishicha, 1-sinfga bolalar ular 7 yoshga toʻladigan yilda qabul qilinadi. Shuningdek, davlat xizmati koʻrsatilgani uchun ariza beruvchidan yigʻim undirilmaydi.

Ariza beruvchi mikrohudud boʻyicha maktabga qabul qilish uchun har yili 20-iyundan 31-iyulgacha YIDXP yoki Xalq taʼlimi vazirligining elektron xizmatlar portalida roʻyxatdan oʻtadi.

Soʻrovnoma toʻldiriladi hamda hududiy xalq taʼlimi boshqarmasi tomonidan 3 ish kunida koʻrib chiqilib, mikrohudud boʻyicha maktabga yuboriladi yoki sababi koʻrsatilgan holda qaytariladi. Bu haqda ariza beruvchilarga xabar yuboriladi.

Bunda, ariza beruvchi farzandi bilan birgalikda mikrohudud boʻyicha yuborilgan maktabga onlayn navbat asosida boradi va bolaning sogʻligʻi toʻgʻrisidagi tibbiy maʼlumotnomani maktabga taqdim etadi.

Maktab qabul komissiyasi tomonidan 1 ish kunida bolani maktabga olish yoki rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qilinadi.

Mikrohududdan tashqaridan bolalar maktabga har yili 1−15-avgust kunlari qabul qilinadi. Mazkur tartib Xalq taʼlimi vazirligi tizimidagi maktablarga nisbatan qoʻllaniladi.