Davlat soliq qoʻmitasi xaridorlar chekini roʻyxatdan oʻtkazayotgan uddaburon kassir haqida maʼlumot berdi.
Qayd etilishicha, fuqaro B.R aprel oyida 443 ta 1,8 mlrd soʻmlik cheklarni roʻyxatdan oʻtkazib, 18 183 656 soʻm keshbek toʻplagan. Shundan, 1,6 mlrd soʻmlik 152 ta cheklar “AA” korxonasidan olingan boʻlib, ularga 16 485 000 soʻmlik keshbek hisoblangan.
Oʻrganish natijasida ushbu fuqaro “AA” korxonasida kassir lavozimida ishlashi maʼlum boʻlgan va roʻyxatdan oʻtkazilgan cheklar shubhali boʻlgani sababli hisoblangan 16 485 000 soʻmlik keshbek summalari bekor qilingan.
Vazirlar Mahkamasining joriy yil 12 -maydagi 255-son qaroriga muvofiq, Davlat soliq qoʻmitasi onlayn nazorat kassa texnikasi chekini soliq organlari mobil ilovasida roʻyxatdan oʻtkazgan jismoniy shaxsdan uning haqiqiy xaridlari toʻgʻrisidagi tasdigʻini soʻrab olishga, xarid haqiqatda ushbu jismoniy shaxs tomonidan amalga oshirganligi shubhali boʻlgan taqdirda tovarlar (xizmatlar) qiymati bir qismini qaytarishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qilishga haqli.