Sugʻurta bozorini rivojlantirish agentligi toʻrtta sugʻurta kompaniyasining litsenziyasini toʻxtatdi. Bu haqda boshqarma matbuot xizmati yozmoqda.
Bular “Kafolat”, “Semurgʻ sugʻurta”, “Ishonch sugʻurta” va “Xalq sugʻurta” kompaniyalaridir.
Mazkur kompaniyalari yangi yoki qayta sugʻurtalash shartnomalarini tuza olmaydi. Shu bilan birga, amaldagi shartnomalar boʻyicha majburiyatlar oʻz kuchida qoladi.
Muddat tugagunga qadar ikkala kompaniya ham agentlikka qonunbuzarliklar bartaraf etilganligini tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etishi kerak. Aks holda, ularning litsenziyalari 6 oygacha toʻxtatilishi mumkin, deyiladi xabarda.
Agentlikning litsenziya reyestriga koʻra, toʻrtta sugʻurta kompaniyasi ham umumiy sugʻurta bilan shugʻullanadi.
- Ulardan 2021-yil uchun eng koʻp sugʻurta mukofotlari toʻlangan “Kafolat” 223,75 mlrd soʻm yoki 2020-yilga nisbatan 49,8% ga koʻp sugʻurta mukofotlarini oldi. Shartnomalar soni boʻyicha ikkinchi (1,1 mln), ulardagi majburiyatlar hajmi boʻyicha uchinchi (134,4 trln soʻm) oʻrinda turadi.
- “Xalq banki” ning sugʻurta kompaniyasi hisoblanmish “Xalq Sugʻurta” 40 mlrd soʻmdan sal ozroq badal yigʻdi. Yil davomida bu koʻrsatkich 37,6% ga, uning majburiyatlari esa 27% ga oʻsdi.
- “Ishonch” kompaniyasi oʻtgan yili toʻlovlar miqdorini qariyb ikki barobarga oshirib, 32,7 mlrd soʻmga yetkazdi.
- “Semurgʻ sugʻurta” roʻyxatga olingan kompaniyalar orasida eng yoshi boʻlsa-da, bir yilda 24,8 mlrd soʻm mukofot oldi.
Bundan sal avval agentlik hayotni sugʻurtalashga ixtisoslashgan ikki sugʻurta kompaniyasi — “Agros Hayot” va “Farovon sugʻurta"ning litsenziyalarini toʻxtatib qoʻygan edi.