Toshkent shahrida Oʻzbekiston va Tojikiston rasmiy va ishbilarmon doiralarining 200 dan ortiq vakillarini birlashtirgan Oʻzbekiston-Tojikiston biznes-forumi boʻlib oʻtdi.
Forumda yaqin kelajakda oʻzaro savdoni rivojlantirish va sanoat kooperatsiyasini rivojlantirishni ragʻbatlantirish maqsadida tez orada “Oybek” va “Fotexobod” nazorat punktlarining yonida “Oʻzbekiston — Tojikiston” chegaraoldi savdo-sanoat zonasini tashkil qilish rejalashtirilayotgani maʼlum qilindi. Unda ishlab chiqarish obyektlari, logistika markazlari va zarur infratuzilma joylashgan boʻladi.
Mamlakatlarning yengil sanoat, qishloq xoʻjaligi mahsulotlari va qurilish materiallari ishlab chiqarish, farmatsevtika, elektrotexnika, togʻ-kon sanoati va energetika kabi sohalarda sanoat kooperatsiyasini yanada chuqurlashtirish borasidagi ishlarni faollashtirish niyati bildirildi. 2021-yilda xususiy sektor loyihalarini qoʻllab-quvvatlashning samarali vositasi sifatida tashkil etilgan Oʻzbekiston-Tojikiston investitsiyaviy kompaniyasi imkoniyatlari taʼkidlandi.
Tadbir doirasida “B2G” va “B2B” formatidagi ishtirokchilarning maqsadli uchrashuvlari oʻtkazildi. Forum yakunlari boʻyicha $1062,6 mln.lik 75 savdo-iqtisodiy hujjat imzolandi.