20-iyundan boshlab Dushanbe-Toshkent yoʻnalishida temir yoʻl qatnovi tiklanmoqda. Bu haqda OʻzA xabar bermoqda.
Oʻzbekiston va Tojikiston poytaxtlari oʻrtasida haftada bir marta poyezdlar qatnovi yoʻlga qoʻyiladi. Ular 10 ta vagondan iborat boʻladi.
Yoʻlovchilar Dushanbedan Toshkentga 21 soatda yetib olishlari mumkin, deyiladi xabarda.
“Gazeta.uz” “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ matbuot xizmatiga tayanib, poyezd yoʻnalishi Qarshi, Samarqand, Jizzax va Guliston shaharlari orqali oʻtadi, deya xabar bermoqda. Yoʻnalishning umumiy uzunligi 916 km ni tashkil qiladi.
Ikki davlat oʻrtasidagi temir yoʻl qatnovi 1990-yillar boshida toʻxtatilgan edi. OAV maʼlumotlariga koʻra, 2012-yilda Oʻzbekiston chegara yaqinidagi yoʻllarni demontaj qilgan, biroq olti yil oʻtib ularni qayta tiklagan va Tojikistondan Rossiyaga poyezdlar qatnoviga yoʻl ochgan.
Qatnovlar tiklanishi haqida Shavkat Mirziyoyev 2-iyun kuni Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon tashrifi chogʻida maʼlum qilgan edi. OʻTY xabariga koʻra, bu tashabbus Tojikiston tomoni tomonidan ilgari surilgan.
Eslatib oʻtamiz, avvalroq Spot nashri 14-iyundan boshlab “Oʻzbekiston temir yoʻllari” Rossiyaga qatnovlarni tiklagani haqida yozgan edi.