Respublika maxsus komissiyasi qaroriga koʻra, 10-iyundan boshlab Oʻzbekistonga turizm maqsadida tashrif buyuruvchilar uchun oʻrnatilgan vaqtinchalik cheklovlar bekor qilinadi. Bu haqda Vazirlar Mahkamasi matbuot xizmatiga tayanib “Gazeta.uz” maʼlum qilmoqda.
Taʼkidlanishicha, bu tartib mamlakatga aviaqatnovlar, chegaradosh temir yoʻl stansiyalari va avtomobil oʻtkazish chegara punktlari orqali kelayotgan barcha fuqarolarga taalluqli.
Komissiya qarori bilan fuqarolardan Oʻzbekistonga kelishidan oldin manfiy PZR test, ekspress test topshirishi va emlanganlik hujjatiga ega boʻlishi boʻyicha talablar bekor qilindi.
Komissiya Oʻzbekistonda koronavirus infeksiyasi tarqalishi va kasallanishning dinamik pasayishi, shuningdek dunyo mamlakatlarida epidemiologik vaziyatni eʼtiborga olib, JSSTning tavsiyalari hamda Turizm va madaniy meros vazirligi, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmatining takliflarini inobatga olgan holda shunday qarorga keldi.