Prezident raisligida xizmatlar sohasida amalga oshirilayotgan ishlar, yil yakuniga qadar rejalar muhokamasiga bagʻishlangan yigʻilish davom etmoqda.
Unda kadastr agentligiga yil yakunigacha 20 ta vazirlikning kadastr maʼlumotlarini Milliy geoaxborot tizimiga toʻliq kiritish topshirildi.
Shuningdek, 1-sentyabrga qadar 205 ta tuman va shaharda 253 ta maxsus savdo va xizmat koʻrsatish koʻchalarini tashkil etish reja qilingan.
Ushbu maqsadlar uchun oʻtgan yili respublika byudjetidan 1,4 trillion soʻm, joriy yilda esa 900 mlrd soʻm ajratildi.
Masalan, Jizzax shahri “Jizzaxlik” mahallasidagi boshi berk koʻcha Sharof Rashidov markaziy koʻchasiga bogʻlanib, 1,4 kilometr avtomobil yoʻli, piyodalar va velosiped yoʻlakchalari barpo etilgan. Savdo va servis obyektlariga tunu-kun ishlashga ruxsat berilgan.
Natijada, ilgari ushbu hududdagi 1 kvadrat metr joy 2−3 mln soʻmga ham sotilmagan boʻlsa, hozir narxi 8−9 mln soʻmga yetgan. Eng muhimi, savdodan tushgan mablagʻlarni boshqa koʻchalarning infratuzilmasini yaxshilashga yoʻnaltirish ishlari boshlangan.
Viloyat hokimlariga Jizzax tajribasi asosida 1 tadan koʻchani tanlab, ularni serqatnov koʻchalarga ulash orqali servisni rivojlantirish loyihasini boshlash topshirildi.
Avvalroq iyun oyi yakuniga qadar 25 mingta yer uchastkalari servis va savdo obyektlari uchun auksionga chiqarilishi haqida xabar berilgandi.