Prezident raisligida xizmatlar sohasida amalga oshirilayotgan ishlar, yil yakuniga qadar rejalar muhokamasiga bagʻishlangan yigʻilish boshlandi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.
Unda viloyat hokimlari oldiga tegishli idora va tashkilotlar bilan birga servis va xizmat koʻrsatish obyektlarida yaratilgan doimiy yangi ish oʻrinlarini yarim yil yakuni bilan 300 mingtaga, yil yakuniga qadar esa yana 800 mingtaga yetkazish vazifasi qoʻyildi.
Shuningdek, Iqtisodiy taraqqiyot vazirligiga respublika boʻyicha davlat idoralarining balansidagi, yoʻl boʻylarida joylashgan 4 mingga yaqin maʼmuriy binolaridan servis sohasida samarali foydalanish boʻyicha dastur ishlab chiqishga koʻrsatma berildi.
Bundan tashqari, oy yakuni bilan 25 mingta yer uchastkalarini servis va savdo obyektlari uchun auksionga chiqarish shartligi koʻrsatib oʻtildi.
Masalan, Oltiariq tumani soʻnggi ikki oyda 1,6 mingta yer uchastkasini auksionga chiqardi.
Buning uchun tuman ishchi guruhi tadbirkorlar bilan uchrashib, ular uchun maqbul boʻsh yer uchastkalarini ajratib olgan, xususiy loyiha tashkilotlarini jalb qilib, topografik xaritalarni ishlab chiqqan, auksionga chiqarish uchun 15 ta idora bilan 7−10 kunda kelishilgan.
Endilikda:
- yerlarni auksionga chiqarish jarayonlari ijarada — 48 kundan 15 kunga, mulk huquqida — 74 kundan 20 kunga qisqartiriladi;
- yer maydonlarini baholash ekspertizadan oʻtkazilmaydi, haqiqiy bahosi auksionda aniqlanadi;
- 2023-yil 1-yanvardan boshlab yerlarni auksionga chiqarishda kadastr idoralarida bor maʼlumotlarni boshqa idoralar bilan kelishish tartibi bekor qilinadi.
Bunda, javobgarlik kadastrga maʼlumot taqdim etmagan idora rahbariga yuklanadi.