Shavkat Mirziyoyev tomonidan imzolangan qarorga koʻra, 2022-yil oxirigacha qishloq xoʻjaligi sohasida umumiy qiymati $400 milliongacha boʻlgan investitsiya loyihalari ishga tushiriladi. Buning uchun xalqaro moliya institutlari mablagʻlari yoʻnaltiriladi.
Har bir hududda kamida bittadan agrologiya markazi tashkil etilib, u yerda qishloq xoʻjaligi mahsulotlariga xalqaro sifat sertifikatlari beriladi.
Toshkent va Fargʻona viloyatlarida ishlab chiqaruvchilar oziq-ovqat sifati va xavfsizligini nazorat qiluvchi laboratoriyalar ochadi. Sifat standartlarini joriy etish bilan shugʻullanuvchi kadrlar tayyorlash uchun Qoʻqon shahrida oziq-ovqat texnologiyalari va muhandislik instituti tashkil etiladi.
Fargʻona vodiysining uchta tumanida xususiy sektorni jalb qilgan holda meva-sabzavot mahsulotlarini intensiv yetishtirish boʻyicha tajriba loyihalari boshlanadi. Shuningdek, zararkunandalar, kasalliklar va qurgʻoqchilikka chidamli, serhosil ekin navlarini yetishtirishni yoʻlga qoʻyadi.
Bundan tashqari, Andijon, Namangan, Fargʻona, Jizzax, Samarqand, Xorazm viloyatlarida qishloq xoʻjaligiga xizmat koʻrsatish markazlari ochiladi. Ular fermerlarga 100 dan ortiq ilmiy, oʻquv, axborot va maslahat xizmatlarini koʻrsatadi.
Yil oxirigacha Agroplatform tizimi ishga tushiriladi. U orqali fermer xoʻjaliklari imtiyozli kredit va sugʻurta olish, shartnomalar tuzish, lizingga texnika olish va boshqa xizmatlar uchun ariza topshirish imkoniyatiga ega boʻladi.
Qishloq xoʻjaligi uchun 26 turdagi subsidiyalar olish uchun arizalarni toʻplash, koʻrib chiqish va tasdiqlash jarayoni “Agrosubsidiya” tizimi orqali onlayn tarzda oʻtkaziladi. Yil boshida eʼlon qilingan sayt mart oyidan boshlab test rejimida ishlamoqda.
Qarorda bir oy muddatda qishloq xoʻjaligi sanoatini raqamlashtirish boʻyicha qoʻshma loyiha doirasida Jahon banki tomonidan ajratilgan mablagʻdan $20 mln ajratish boʻyicha topshiriq berildi.
Jahon bankining yana $17 mln, Yevropa Ittifoqining $6 mln qishloq xoʻjaligi oliy oʻquv yurtlariga yoʻnaltiriladi. Toshkent davlat agrar universitetini modernizatsiya qilinadi va yangi Xalqaro qishloq xoʻjaligi universiteti ochiladi.
Spot avvalroq suvni tejovchi sugʻorish uskunalari uchun elektr generatorlarini xarid qilish uchun subsidiyalar berilishi haqida xabar bergan edi.