Zara, Pull & Bear va boshqa brendlar egasi Inditex kompaniyasi Oʻzbekistonda ishlab chiqarishni tashkil etishdan manfaatdor. Bu haqda Investitsiya va tashqi savdo matbuot xizmati yozmoqda.

Vazirlik vakillari Ispaniya kompaniyasining Ijtimoiy barqarorlik direksiyasi delegatsiyasini qabul qildi. Oʻzbekiston toʻqimachilik sanoatida olib borilayotgan islohotlar, mamlakatning Yevropa Ittifoqining GSP+ sxemasiga qoʻshilishi va paxta boykotiga barham berish mavzusiga toʻxtalib oʻtildi.

Tomonlar, shuningdek, biznesni rivojlantirish imkoniyatlari va Inditex kompaniyasining Oʻzbekistondagi investitsiya portfelini oshirish masalalarini muhokama qildilar. Mehmonlar Oʻzbekiston toʻqimachilik mahsulotlari yetkazib beruvchilarini jahon ishlab chiqarish zanjirlariga jalb qilishni kengaytirish imkoniyatlari bilan tanishdilar.

Ishtirokchilar Inditex faoliyatini Oʻzbekistonda yoʻlga qoʻyish istiqbollarini, jumladan, qoʻshma loyihalarni amalga oshirishni muhokama qildilar. Tomonlar hamkorlik masalalari, xususan, toʻqimachilik sanoati salohiyati va mamlakat bozori imkoniyatlarini tahlil qilish boʻyicha ishlarni davom ettirishga kelishib oldilar.

Mutaxassislarning taʼkidlashicha, paxtaga boykotning bekor qilinishi 300 dan ortiq xalqaro brendlar uchun oʻzbek toʻqimachilik mahsulotlarini sotib olishga qaytish imkoniyatini ochadi. Oʻzbekistonga gazlama va iplarning hozirgi xaridorlariga muqobil yoʻl topishga yordam berishga chaqiriqlar boʻldi.

Eslatib oʻtamiz, avvalroq Spot Ispaniyaning eng yirik riteyleri El Corte Ingles Oʻzbekiston toʻqimachilik mahsulotlariga qiziqayotgani haqida xabar bergan edi.


Inditex — 1985-yilda Ispaniyada tashkil etilgan va ommaviy modani tez rivojlantirishga (fast fashion) ixtisoslashgan. U Zara, Bershka, Massimo Dutti, Pull & Bear, Lefties kabi brendlarga ega. Uning butun dunyo boʻylab 7200 dan ortiq doʻkonlarni mavjud. Kompaniyaning 2020-yildagi savdosi 20,4 mlrd yevroni tashkil qildi.