Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida qayta tiklanuvchi energiyadan foydalanishni kengaytirish boʻyicha ustuvor vazifalarga bagʻishlangan yigʻilish boʻlib oʻtdi.
Unda davlat rahbari muqobil energiya uskunasini oʻrnatgan aholi va tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha mutlaqo yangi tizim joriy etilishini taʼkidladi.
Bunda, aholi va tadbirkorlarga:
- oʻrnatilgan quyosh va shamol elektr uskunalari uchun quvvatiga qarab 15 mln soʻmgacha, suv isitish qurilmasi uchun esa 2 mln soʻmgacha kompensatsiya toʻlanadi;
- yoki uskuna qiymatini 3 yil ichida foizsiz boʻlib-boʻlib toʻlash imkoniyati yaratiladi.
Rasmiy relizda aytilishicha, ushbu tizim Energetika vazirligining maxsus jamgʻarmasi orqali joriy etilishi belgilandi.
Bildirilishicha, muqobil energiya uskunalarini oʻrnatish istagida boʻlgan aholi va tadbirkorlar bu imkoniyatlardan foydalanishi uchun biron-bir idoraga borishga majbur boʻlmaydi. Barcha hujjatlar uskuna xarid qilinadigan joyning oʻzida hal boʻladi. Buning uchun:
- jamgʻarma mahalliy ishlab chiqaruvchilar hamda hududlardagi sotuvchilar bilan hamkorlik shartnomalarini tuzadi;
- ishlab chiqaruvchilarning aholi va tadbirkorlarga uskunalarni boʻlib-boʻlib toʻlashga berish xarajatlari jamgʻarma tomonidan qoplab beriladi;
- jamgʻarmaga 100 mlrd soʻm ajratiladi, ishlatishiga qarab yil yakuniga qadar yana 100 mlrd soʻm beriladi;
- jamgʻarmaning elektron portali ishga tushirilib, barcha jarayonlar toʻliq raqamlashtiriladi.
Mutasaddilarga tizimni 1-sentyabrdan amaliyotga joriy qilish topshirildi.
Viloyat hokimlari oldiga joriy yilda “daftarlar"ga kirgan kamida 5 mingta oilani, kelgusi yilda yana 10 mingtasini suv isitish qurilmasi bilan taʼminlash choralarini koʻrish vazifasi qoʻyildi.
Shuningdek, yigʻilishda hududlarda mikro va kichik GESlar qurish uchun maydonlar belgilanib, jami 56 megavattli 200 ta loyiha ishlab chiqilgani taʼkidlandi (yiliga 180 ming kilovatt soat elektr ishlab chiqariladi)