Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti ekspertlari Oʻzbekistonda yetishtiriladigan meva-sabzavotlarning tashqi bozordagi raqobatbardoshligini qayta baholadi.
2021-yilning iyun oyida institut meva-sabzavot mahsulotlari raqobatbardoshligini baholagan va uning natijalarini eʼlon qilgan, biroq hisob-kitoblar 4 ta qiymatli tashqi iqtisodiy faoliyat tovar nomenklaturasi maʼlumotlari asosida amalga oshirilgandi.
Ushbu baholash TIF TN boʻyicha 6 ta qiymatli maʼlumotlar asos qilib olingani bilan farq qiladi. Shuning uchun avval koʻrib chiqilgan 35 ta tovar guruhi oʻrniga bu safar meva va sabzavotlar 127 ta tovar guruhi baholandi.
PMTI ekspertlari hisob-kitoblar natijasida olingan indekslar oʻrtacha qiymatlarini taqqoslash asosida meva-sabzavotlarni 3 guruhga ajratdi:
- tashqi bozorda sezilarli qiyosiy ustunlikka ega boʻlgan tovarlar;
- “marginal” holatdagi, yaʼni baʼzi yillarda jahon bozorida raqobatbardosh boʻlgan, ayrim yillarda esa raqobatbardosh boʻlmagan hamda tashqi bozor sharoitiga juda bogʻliq tovarlar
- tashqi bozorda qiyosiy ustunlikka ega boʻlmagan tovarlar.
Shunday qilib, Oʻzbekiston tovarlarining tashqi bozorda aniq qiyosiy ustunlikka ega boʻlgan 36 ta va qiyosiy ustunlikka ega boʻlmagan 58 ta guruhini aniqlashga muvaffaq boʻlindi. Tovarlar qolgan 33 ta guruhi boʻyicha qiyosiy ustunlik mavjudligi yoki yoʻqligi aniq emas va ular bozor sharoitiga bogʻliq.
2017−2021-yillarda jahon bozorida eng katta qiyosiy ustunlikka ega boʻlgan mahsulotlar 10 taligiga quyidagilar kiradi:
- barcha koʻrinishdagi loviyalar — quritilgan, poʻsti olingan, poʻstidan tozalangan yoki tozalanmagan, maydalangan yoki maydalanmagan;
- sarxil oʻrik;
- loviyaning vingamungo nepper yoki vingaradiata turlari — quritilgan, poʻsti olingan, poʻstidan tozalangan yoki tozalanmagan, maydalangan yoki maydalanmagan;
- xurmo;
- mayiz;
- olxoʻri qoqi;
- gilos;
- turshak;
- olma qoqi;
- qisqa muddatli saqlash uchun moʻljallab konservalangan, lekin bu shaklda ozuqa sifatida isteʼmol qilish uchun yaroqsiz boʻlgan boshqa sabzavot va oʻsimlik aralashmalari.
Avvalroq Spot Jahon banki mablagʻlari hisobidan Andijon va Fargʻona viloyatida intensiv usulda meva-sabzavot yetishtirish boʻyicha loyihalar amalga oshirilishi haqida yozgan edi.