Prezident Shavkat Mirziyoyev huzurida standartlashtirish sohasida amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligini oshirish yuzasidan yigʻilish boʻlib oʻtmoqda.
Unda oʻtgan yili GSP+ tizimi doirasida 6 ming 200 turdagi mahsulotlarni Yevropaga bojsiz eksport qilish imkoniyati yaratilganligi, Lekin oʻtgan bir yil ichida Yevropa mamlakatlariga eksport qilinadigan mahsulot turlari 79 taga (jami 643 ta), tadbirkorlar soni 102 taga (jami 579 ta) koʻpayganligi taʼkidlandi.
Oʻsish surʼati juda past ekani qayd etilib, toʻsqinlik qilayotgan asosiy omillar sanab oʻtildi. Jumladan:
- standart, sertifikatsiya va laboratoriya masalalariga javob beradigan davlat idoralari eksportni koʻpaytirishni oʻzi uchun ustuvor vazifa, deb qaramayapti;
- standart, karantin, veterinariya idoralari hamda gigiyenik laboratoriyalar yagona siyosat yuritmasdan, tadbirkorga koʻmakchi boʻlmayapti;
- hududlarda 150 ta zamonaviy laboratoriya tashkil etishga ehtiyoj mavjud.
Shuningdek, yigʻilishda quritilgan mevani eksport qilish uchun 27 xil turdagi tahlil qilinadigan laboratoriya talab etilishi, lekin birorta ham bunday laboratoriya yoʻqligi, toʻqimachilik mahsulotlarini Yevropa bozoriga olib kirish uchun zarur boʻlgan 61 ta laboratoriya tahlilining 16 tasi bizda yoʻlga qoʻyilmagani tanqid qilindi.
Texnik jihatdan tartibga solish agentligi, Oʻsimliklar karantini va himoyasi agentligi, Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati tadbirkorlar bilan ishlash, oʻqitish, muloqotni yoʻlga qoʻymagani koʻrsatib oʻtildi.
Shu munosabat bilan ushbu idoralar rahbarlari oldiga 20 mingta ishlab chiqaruvchi tadbirkorlar bilan ishlab, yil yakuniga qadar Yevropaga eksport qiluvchi korxonalar sonini 2 mingtaga koʻpaytirish vazifasi qoʻyildi.
Ularga bir oy muddatda qaysi standartni joriy qilish, qaysi laboratoriyani yangilash boʻyicha dastur ishlab chiqish topshirildi.