Bir qator korxonalar uchun bir tomonlama elektron hisobvaraq-fakturalar berish cheklanadi, deya xabar qildi Davlat soliq qoʻmitasi matbuot xizmati.
Qoʻmita maʼlumotlariga koʻra, bu tovarlar va xizmatlar harakati ustidan nazoratni taʼminlash maqsadida amalga oshirilmoqda. Mazkur chora tufayli iqtisodiyotda yashirin sektor ulushini kamaytirish koʻzda tutilgan, deyiladi xabarda.
11-iyuldan boshlab savdo korxonalari, xizmat koʻrsatish sohasi, shuningdek, neft va gazni qayta ishlash, saqlash yoki tashish bilan shugʻullanuvchilar uchun bir tomonlama EHF boʻyicha cheklovlar kuchga kiradi.
Shuningdek, 11-sentyabrdan boshlab norezidentdan olingan ishlar va xizmatlar uchun, shuningdek, Oʻzbekiston bojxona hududida tovarlarni qayta ishlash uchun hisobvaraq-faktura berish imkoniyati cheklanadi.
Soliq kodeksining 47-moddasiga muvofiq, agar tovarlar va xizmatlarni sotishda sotuvchi — yuridik shaxs yoki yakka tartibdagi tadbirkor xaridorga chek yoki belgilangan shakldagi boshqa hujjat topshirsa, hisob-faktura rasmiylashtirilmaydi.
Shunga qaramay, ayrim tadbirkorlar chek oʻrniga jismoniy shaxslar nomiga bir tomonlama hisob-faktura berishni maʼqul koʻrmoqda. Xususan, bunday amaliyot savdo va xizmat koʻrsatish sohalarida kuzatilmoqda, deya taʼkidlaydi Davlat soliq qoʻmitasi.
Birinchi chorakda 27 188 ta tashkilot bir tomonlama EHF chiqardi (QQS 3,6 trln soʻm). 1,6 trln soʻmi ulgurji va chakana savdo korxonalari tomonidan jismoniy shaxslarga berilgan hisob-fakturalar hissasiga toʻgʻri keldi.
Oʻzbekistonda 2020-yil yanvaridan elektron hisobvaraq-fakturalar joriy etilgan. Keyinchalik tovarlarni kuzatish uchun MXIK va shtrix-kodlar qoʻshildi va 2021-yil aprel oyida ularga qoʻshimcha yoki tuzatilgan EHF chiqarishga ruxsat berildi.