Prezident Shavkat Mirziyoyev huzurida standartlashtirish sohasida amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligini oshirish yuzasidan yigʻilish boʻlib oʻtdi.
Unda viloyat hokimlariga oʻz hududida eksportchilar sonini oshirish va yangi laboratoriyalar ochish boʻyicha dastur qabul qilish topshirildi.
Investitsiya vazirligiga:
- xalqaro sertifikatsiya talablarining ichiga kirib, qaysi laboratoriyani modernizatsiyalash va qaysi standartni oʻzgartirish kabi masalalarni hal qilish;
- yil yakunigacha tekstil, elektrotexnika, agro va oziq-ovqat sanoati boʻyicha 27 ta xalqaro koʻrgazmada ishtirok etib, kamida 100 tadan eksportchilarni Yevropa bozoriga olib chiqish vazifasi topshirildi.
Texnik tartibga solish agentligi yil yakuniga qadar xalqaro standartlar joriy qilingan korxonalar sonini 3 baravar oshirib, 1 ming 200 taga yetkazishi shartligi koʻrsatib oʻtildi.
Ushbu korxonalarda Yevropaning 1,5 mingta standartlari joriy etiladi. Bu orqali, har bir korxona xalqaro laboratoriya xulosalari uchun 1 mlrd soʻm iqtisod qilib, eksportga ketadigan vaqti 3 haftagacha qisqaradi, deyiladi rasmiy relizda.
Bundan tashqari, agentlikka 121 ta laboratoriya xulosalarini xalqaro standartlarga moslashtirib, kamida 100 ta davlatda tan olinishini taʼminlash topshirildi.
Oʻsimliklar karantini va himoyasi agentligiga:
- Qishloq xoʻjaligi vazirligi va viloyat hokimlari bilan birga meva-sabzavot yetishtirilayotgan 200 ming gektar maydonni xalqaro talablarga moslashtirish;
- yil yakunigacha 249 ta meva-sabzavot klasterlari bilan ishlab, xalqaro bozorlarga eksport qiladigan korxonalar sonini 400 tagacha oshirish topshirildi.
Yil yakunigacha 13 ta hududiy agrokimyo laboratoriyani jihozlashga $10 mln yoʻnaltiriladi.
Veterinariya qoʻmitasiga viloyat hokimlari bilan birga yil yakuniga qadar chorvachilik mahsulotlarini eksport qiluvchilar sonini 1,5 baravarga oshirib, 700 taga yetkazish topshirildi.
Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik xizmatiga viloyat markazlaridagi 14 ta laboratoriyani xalqaro akkreditatsiyadan oʻtkazish vazifasi qoʻyildi.
Bojxona qoʻmitasiga 1-oktyabrgacha eksport, import va tranzit boʻyicha barcha sertifikat va ruxsatnomalarni “Yagona darcha” orqali yuritishni yoʻlga qoʻyish topshirildi.