Sport avvalroq 30 yillik tanaffusdan soʻng Dushanbe — Toshkent yoʻnalishi boʻyicha poyezdlar qatnovi tiklanishi haqida yozgan edi.

“Oʻzbekiston temir yoʻllari"ning xabar berishicha, mazkur yoʻnalishdagi ilk qatnov sanasi maʼlum.

Qayd etilishicha, 2022-yil 20-iyundan boshlab 301/302-sonli “Dushanbe — Toshkent — Dushanbe” yoʻnalishida yoʻlovchi poyezdi harakatlanishni boshlaydi.

Mazkur poyezd Dushanbedan haftaning dushanba kunlari joʻnab ketadi va seshanba kunlari soat 13:43da Toshkentga yetib keladi.

Toshkentdan haftaning har seshanba kuni soat 16:15da joʻnab ketib, Dushanbega chorshanba kuni yetib boradi.

Maʼlumot uchun, Toshkentdan Dushanbegacha temir yoʻl orqali boʻlgan masofa 916 km.ni tashkil etadi. Poyezd 21 soat davomida harakatlanadi.

301/302-sonli “Dushanbe — Toshkent — Dushanbe” yoʻnalishida yoʻlovchi poyezdi 10 ta vagondan: 4 kupe, 5 platskart va vagon-restorandan iborat.

Sotuv muddatiga qarab chegirmalarni hisobga olgan holda chipta narxi 381 476 soʻmdan boshlanadi. Сhiptalarini temir yoʻl kassalaridan yoki www.chipta.railway.uz, www.e-ticket.railway.uz saytlari orqali xarid qilish mumkin.