Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida aholini kasb-hunarga oʻqitish va monomarkazlar faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yigʻilishi boʻlib oʻtdi.
Mutasaddilarga professional taʼlim pedagog va ustalari uchun munosib sharoit qilib berish, ularning kasbiy mahoratini oshirib boradigan tizim yaratish zarurligi koʻrsatib oʻtildi.
“Ochiq aytish kerak, 2 mln soʻm oylik olayotgan texnikum yoki kasb-hunar maktabi muallimlaridan kamida 5 mln soʻm ish haqi oladigan mutaxassislar tayyorlab berishni talab qilayapmiz”, dedi Prezident.
Shu bois, kelgusi yil 1-yanvardan:
- professional taʼlimdagi pedagog va ustalar oyligi oʻrta maktab oʻqituvchilariga tenglashtiriladi;
- oʻqituvchilar malaka toifasi uchun toʻlanadigan ustama oʻrtasidagi farq 2 barobarga oshiriladi;
- erishgan natijasiga qarab, fidoyi va tashabbuskor pedagog kadrlarning oyligiga 50% gacha ustama toʻlash joriy etiladi.
- Kelgusi yilda buning uchun byudjetdan qoʻshimcha 150 mlrd soʻm ajratiladi.
Shu bilan birga, professional taʼlim muassasalari pedagoglari malakasini oshirishda yangi tizim yaratiladi.
Universitetlar huzuridagi malaka oshirish fakultetlari oʻrniga har bir viloyatda Professional tayyorgarlik markazlari tashkil etiladi.
Davlatimiz rahbari aholini kasb-hunarga oʻqitishda xususiy sektor ulushini koʻpaytirish lozimligini taʼkidladi. Hozirda qonuniy asoslar boʻlsada, bironta xususiy kollej yoki texnikum mavjud emasligi koʻrsatib oʻtildi.
Xorijiy kompaniyalar ham yoshlarimizni kasbga oʻqitib, bandligini taʼminlash boʻyicha koʻplab tashabbuslarni bildirmoqda.
Bu boradagi ishlarni faollashtirish maqsadida xususiy kollej va texnikumlar tashkil etish uchun qator imtiyozlar beriladi:
- litsenziya olish uchun talablar qayta koʻrib chiqilib, zarur mablagʻning minimal miqdori 2 baravarga kamaytiriladi;
- boʻsh binolar uzoq muddatga ijaraga beriladi;
- xorijdan keltiriladigan adabiyotlar va uskunalar bojxona toʻlovlaridan ozod qilinadi;
- xalqaro malaka sertifikatini olgan har bir bitiruvchi uchun 1 mln soʻmdan toʻlab beriladi;
- ehtiyojmand yoshlar toʻlov-kontrakti mablagʻining 30%i qoplab beriladi.