Apple dunyodagi eng qimmat brendlar reytingida birinchi oʻrinni egallab, Amazon-ni uchinchi oʻringa siqib chiqardi. Bu haqda Bloomberg xabar bermoqda.
Reyting tuzuvchisi — Kantar kompaniyasi Apple brendining qiymatini $947 mlrd ga baholadi. Apple oxirgi marta 2015-yilda dunyodagi eng qimmat brend boʻlgan edi.
Oʻtgan yilgi reyting yetakchisi — Amazon uchinchi oʻringa tushib ketdi. Uning brendi qiymati $706 mlrd ga baholangan. Ikkinchi oʻrinni Google egalladi, uning qiymati $820 mlrd ga baholangan.
Microsoft toʻrtinchi oʻrinni saqlab qoldi, brend narxi 49% ga oshib, $611 mlrd ga yetdi. Tencent beshinchi oʻrinda qoldi, brend 11% ga tushib ketdi ($214 mlrd).
10 ta eng qimmat brendlar orasida McDonaldʼs, Visa, Facebook, Alibaba va birinchi marta Louis Vuitton ham bor.
Yil davomida 100talikka kirgan barcha brendlarning umumiy qiymati 23% ga oʻsib, qariyb $8,7 trln ni tashkil qildi.
Maʼlumot uchun, Kantar tadqiqoti brendni kompaniyaning bozor qiymatiga taʼsirini va sotishni yaratish qobiliyatini baholashga harakat qiladi.