Davlat soliq qoʻmitasining xabar berishicha, 2021-yil 1-iyuldan soliq organlarida soliq toʻlovchilarning hisobini yuritish jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami (JShShIR)dan foydalangan holda amalga oshirilmoqda.
Qayd etilishicha, jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻi boʻyicha hisobotda xodimlarning jismoniy shaxs shaxsiy identifikatsiya raqami koʻrsatilishi kerak. Bu orqali jismoniy shaxslarning hisoblangan ish haqi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar shakllantiriladi.
“Biroq, ish beruvchilar tomonidan yuborilayotgan hisobotlarda koʻrsatilayotgan JShShIR fuqarolarning amaldagi pasport yoki ID-kartadagi JShShIR bilan farq qilayotgani yoki boshqa shaxsning JShShIRni koʻrsatish holatlari aniqlanmoqda”, deyiladi xabarda.
Hisobotlarda JShShIRni notoʻgʻri koʻrsatish voyaga yetmagan bolalari boʻlgan oilalarga nafaqa puli, kam taʼminlangan oilalarga ijtimoiy nafaqalar va moddiy yordam, pensiya tayinlashda, xodimlar ish stajini shakllantirishda muammolarni keltirib chiqaradi.
Qoʻmita ish beruvchilardan oʻz xodimlari ish haqi boʻyicha soliq hisobotlarini taqdim etishda ularning koʻrsatilgan jismoniy shaxs shaxsiy identifikatsiya raqamlari amaldagi pasportlari yoki ID-kartalaridagi JShShIRga mos kelishiga ishonch hosil qilishlarini soʻragan.
Avvalroq DSQ jismoniy shaxslarga savdo va xizmat koʻrsatish sohasida EHF berishni cheklashi haqida xabar berilgandi.