Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi xabariga koʻra, Toshkentda Ozarbayjon prezidentining Oʻzbekistonga tashrifi arafasida Investitsiyalar vazirligi va Savdo-sanoat palatasi tomonidan Ozarbayjon Iqtisodiyot vazirligi hamda Eksport va investitsiyalarni ragʻbatlantirish agentligi bilan hamkorlikda Oʻzbekiston-Ozarbayjon biznes-forumi boʻlib oʻtdi.
Tadbirda vazirlik va idoralar, tarmoq birlashmalari rahbarlari hamda Oʻzbekiston va Ozarbayjon yirik kompaniyalarining 100 dan ortiq vakillari ishtirok etdi.
Tadbirni ochar ekan, delegatsiyalar rahbarlari ikki mamlakat hududlari orqali oʻzaro va tranzit yuk tashishni koʻpaytirishni ragʻbatlantirish boʻyicha aniq chora-tadbirlar joriy qilinishini bildirdi. Bu, oʻz navbatida, transport va logistika sohasida Oʻzbekiston-Ozarbayjon hamkorligini chuqurlashtiradi.
Tadbir dasturi doirasida “B2B” va “G2B” tarzida ham panel munozaralari boʻlib oʻtdi, unda oʻzbek va Ozarbayjon biznes vakillari aniq loyiha takliflari asosida biznes hamkorlik istiqbollarini batafsil muhokama qilish imkoniyatiga ega boʻldi.
Forum yakunlari boʻyicha umumiy qiymati $500 mln.dan ortiq qoʻshma loyihalar va savdo shartnomalarini amalga oshirish boʻyicha qator bitim, ikki mamlakat tegishli vazirlik va idoralari oʻrtasida amaliy hamkorlik toʻgʻrisida 10 ta kelishuv imzolandi.
Avvalroq Oʻzbekiston va Ozarbayjon temiryoʻl orqali yuk tashish hajmini oshirishga kelishib olgan edi.