“Huquqiy axborot” kanali xabariga koʻra, nogiron yoshlarga nodavlat taʼlim tashkilotlarida kasb-hunar, dasturlash, umumtaʼlim fanlari va xorijiy tillarni oʻrgatish, zarur hollarda yashash va transport xarajatlarini qoplash uchun bazaviy hisoblash miqdori 50 baravarigacha (15 mln soʻmgacha) subsidiya ajratiladi.

Subsidiya olish uchun istalgan davlat xizmatlari markaziga murojaat qilinadi yoki YaIDXP orqali davlat xizmatidan elektron tarzda foydalanish uchun roʻyxatdan oʻtiladi.

Arizaga quyidagilar ilova qilinadi:

oʻqish xarajatlari uchun subsidiya olishda:

  • ariza bola qonuniy vakili tomonidan berilsa, uning shaxsiy identifikatsiya raqami va bola qonuniy vakili ekanini tasdiqlovchi hujjat;
  • nodavlat taʼlim tashkiloti tomonidan ariza beruvchini oʻqitish toʻgʻrisida shartnoma elektron nusxasi;
  • yashash va transport xarajatlari uchun subsidiya olishda:
  • yoʻl xarajatlarini tasdiqlovchi hujjatlar elektron nusxalari;
  • ijara shartnomasi va uning soliq organlarida hisobga qoʻyilgani haqidagi bildirishnoma elektron nusxasi.

Davlat xizmati bepul koʻrsatiladi. Ariza 3 ish kunida koʻrib chiqilib:

  • subsidiya ajratish haqida elektron tizimga maʼlumot kiritiladi va bu haqida ariza beruvchiga SMS-xabarnoma yuboriladi;
  • nodavlat taʼlim tashkiloti joylashgan hududdagi mahalla yoshlar yetakchisi zimmasiga ariza beruvchi nodavlat taʼlim tashkilotida oʻqishini joyiga chiqqan holda monitoring qilish vazifasi yuklatiladi.

Davlat xizmatlarini koʻrsatish jarayonida ariza beruvchilarga oid maʼlumotlar sir saqlanadi.

Nogironligi boʻlgan yoshlarga asbob-uskunalar va mehnat qurollarini xarid qilish uchun subsidiya ajratishning maʼmuriy reglamenti ham tasdiqlandi.