Afgʻoniston Mozori Sharifdan Pokiston bilan chegaragacha temir yoʻl qurishni boshlashga tayyor, deb xabar bermoqda TOLOnews.
Afgʻoniston temir yoʻl boshqarmasi yaqin orada Oʻzbekiston bilan hamkorlikda hududni oʻrganish boshlanishini maʼlum qildi. Boshqarma rahbari Baxt Rahmon Sharafatning aytishicha, muvaqqat hukumat loyiha xavfsizligini kafolatlaydi.
“Bir kun oldin bizga elektron pochta xabari keldi. Ular [hokimiyat] loyihani boshlashga tayyor ekanliklari aytildi”, dedi Sharafat.
Loyihaga koʻra, yoʻnalish Mozori Sharifdan Samangan, Puli-Xumri, Kobul, Lohar va Jalolobod orqali Pokiston hududiga oʻtadi. Afgʻoniston iqtisodiyoti Janubiy va Markaziy Osiyo bilan aloqadan albatta foyda koʻradi, dedi mamlakat sanoat palatasi rahbari Sahi Ahmad Payman.
Oʻzbekiston Prezidentining tashqi siyosat boʻyicha maxsus vakili etib tayinlangan Abdulaziz Komilov 19-iyul kuni Afgʻonistonga tashrif buyurdi. Afgʻoniston matbuotiga koʻra, u bosh vazir oʻrinbosari Mulla Abdul Gʻani Baradar bilan Transafgʻon temir yoʻlidagi ishlarni ham muhokama qilgan.
“Muvaqqat hukumat siyosati Afgʻonistonni mintaqaviy hamkorlik markaziga aylantirishdan iborat”, dedi vazir oʻrinbosari Abdul Latif Nazariy. “Hukumat Transafgʻon avtomagistralini amalga oshirishga tayyor.”