Oʻzbekistonning umumiy tashqi qarzi soʻnggi bir necha yil ichida birinchi marta kamaydi. Bu haqda Markaziy bankning 2022-yil birinchi choragi uchun hisobotida maʼlum qilindi.
1-aprel holatiga koʻra, u taxminan $38,84 mlrd.ni tashkil etdi — bu yil boshiga nisbatan $721,5 mln yoki 1,8% ga kam. Davlat kreditlari hajmi ham, xususiy sektorning qarzlari ham qisqardi.
Regulyator tashqi qarzning qisqarishini yangi qarzlarni jalb qilishning sekinlashishi bilan izohlaydi. Bunga, oʻz navbatida, dunyodagi beqaror geosiyosiy vaziyat sabab boʻldi.
Davlat tashqi qarzi uch oy davomida $345,4 mln.ga (-1,5%) kamaygan holda $23,39 mlrd.ni tashkil etdi. Bu summaning katta qismi — $211,5 mln xalqaro obligatsiyalar hissasiga toʻgʻri keldi.
Shu bilan birga, yevroobligatsiyalar Oʻzbekiston davlat qarzining atigi oʻndan bir qismini va tashqi kreditorlar oldidagi umumiy qarzining 6%ini tashkil qiladi. Markaziy bank maʼlumotlariga koʻra, bunga davlat qimmatli qogʻozlari qiymatining tushib ketgani sabab boʻlgan.
Xususiy sektorning tashqi qarzlari hajmi $376 mln.ga (-2%ga) qisqardi va aprel oyiga kelib $15,5 mlrd.ni tashkil etdi.Tashqi qarzning eng kuchli qisqarishi bank sektorida kuzatildi — minus $447 mln.
Bu koʻrsatkich neft-gaz sohasida yana $216 mln.ga, togʻ-metallurgiya sohasida $37 mln.ga kamaydi. Aynan shu tarmoqlarda qarz majburiyatlari toʻlandi, deb taʼkidladi Markaziy bank.
Shu bilan birga, xususiy sektor tomonidan $1,2 mlrd kredit jalb qilingan. Jumladan, banklar tomonidan $389 mln, togʻ-kon sanoati korxonalari $217 mln, energetika sektori esa $171 mln kredit olgan. Sanoatning ayrim tarmoqlarida, masalan, toʻqimachilikda tashqi qarz oʻrtacha oʻsishni koʻrsatmoqda.
Yanvar-mart oylarida xususiy qarz boʻyicha toʻlovlar $1 mlrd.ni, foizlar yana $110 mln.ni tashkil etdi. Oʻshanda davlat $252 mln qarz, shuningdek, $127 mln foiz toʻlagan.
Avvalroq Spot Oʻzbekistonning xalqaro zaxiralari may oyida qariyb $500 mln.ga qisqargani haqida yozgan edi.