Oʻzbekiston binolarni toza energiya bilan taʼminlash uchun Jahon bankidan imtiyozli kredit oladi, deb xabar qildi Energetika vazirligi.
Agentlik Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi va Energiyani tejash jamgʻarmasi bilan birgalikda “Oʻzbekistonda binolar uchun toza energiya” loyihasini tayyorladi. Unga koʻra, mamlakatimizning barcha hududlarida 800 dan ortiq taʼlim va sogʻliqni saqlash muassasalarini modernizatsiya qilish rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, loyiha energiya tejash va qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan loyihalarga investitsiyalarni jalb qilishni tartibga solishni takomillashtirishga xizmat qiladi.
Xalqaro taraqqiyot assotsiatsiyasi JB guruhi tarkibida Oʻzbekiston hukumatiga past foiz stavkasida $143 mln ajratadi. Kreditni qaytarish muddati 30 yil, shu jumladan 5 yillik imtiyozli davr.
Kredit shartlari boʻyicha muzokaralar 24−25-may kunlari boʻlib oʻtdi. Jahon banki ijrochi direktorlar kengashi “Oʻzbekistonning qayta tiklanuvchi energiya salohiyatini safarbar etish sohasidagi yetakchi mavqeyini hisobga olgan holda” loyihaga pul ajratishni bir ovozdan maʼqulladi.
Taʼkidlanishicha, loyiha energiya tejovchi texnologiyalar va muqobil energiya sohalariga sarmoya kiritish uchun ragʻbat yaratishda muhim oʻrin tutadi.