Prezident “Ommaviy axborot vositalarini qoʻllab-quvvatlash va jurnalistika sohasini rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida"gi qarorni imzoladi.

2022-yil 1-iyuldan boshlab 2025-yil 1-iyulga qadar:

  • ommaviy axborot vositalari foyda soligʻini belgilangan soliq stavkalariga nisbatan 50% kamaytirilgan soliq stavkalari boʻyicha toʻlaydi, reklama xususiyatiga ega boʻlgan ommaviy axborot vositalari bundan mustasno;
  • Oʻzbekistonda ishlab chiqarilmaydigan, belgilangan tartibda shakllantiriladigan roʻyxat boʻyicha olib kiriladigan matbaa uskunalari, zamonaviy foto va radiotelevizion uskunalar hamda qogʻoz bojxona bojidan ozod etiladi.

2023-yildan boshlab tegishli davlat organlari va tashkilotlari hamda boshqa muassasalarga 110 nusxa davriy bosma nashrlar va 67 nusxa kitob mahsulotlari majburiy bepul nusxalarini yuborish amaliyoti bekor qilinib, ular tomonidan bosma mahsulotlarni xarid qilib olish tartibi joriy qilinadi (Alisher Navoiy nomidagi Milliy kutubxona bundan mustasno). Bunda, tegishli davlat organlari tomonidan xarid qilib olish uchun davlat byudjetidan mablagʻ ajratiladi.

Byudjet tashkilotlariga ulardagi “kutubxona fondi” xarajat moddasi orqali davriy bosma nashrlar, ular elektron shakli va elektron ommaviy axborot vositalariga obuna boʻlish uchun mablagʻ yoʻnaltirishga ruxsat beriladi.

1-oktyabrdan boshlab bolalar uchun moʻljallangan tele- va radiomahsulotlarni ishlab chiqarish va efirga uzatish boʻyicha har yili eng yaxshi 30 ta loyiha uchun har biri bazaviy hisoblash miqdori 300 baravarigacha miqdorda boʻlgan tanlov eʼlon qilinadi. Bu boradagi xarajatlar Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligiga qoʻshimcha ajratiladigan davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan qoplanadi.

Faol jurnalistlarni muntazam ragʻbatlantirish va ular oʻrtasida ijodiy sogʻlom raqobat muhitini rivojlantirish maqsadida har chorakda:

  • ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilingan 100 tagacha eng yaxshi material uchun mualliflar (ijodiy guruh aʼzolari) quyidan yuqoriga oʻsib borish tartibida bazaviy hisoblash miqdori 50 baravarigacha miqdorda pul mukofoti bilan taqdirlanadi;
  • amaliy va dolzarb ahamiyatga ega boʻlgan 100 tagacha eng yaxshi tahliliy materialni tayyorlash va ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilish uchun davlat grantlari va davlat ijtimoiy buyurtmalarini berish boʻyicha tanlov eʼlon qilinadi.

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi eng yaxshi materiallarni keng jamoatchilik va malakali mustaqil ekspertlar tomonidan ochiq va shaffof usulda elektron aniqlash tizimi — maxsus elektron platformani ishga tushiradi.