Oʻzbekistonda anomal issiq ob-havo hukm surayotgani sababli “Oʻztemir yoʻlovchi” rahbariyati poyezdlar tezligiga cheklov kiritdi. Bu haqda “Oʻzbekiston temir yoʻllari” matbuot xizmati xabar qildi.
Gidrometeorologiya xizmati markazi 25−29-iyun kunlari Oʻzbekiston hududiga Turkmaniston orqali Eron hududlaridan issiq havo kirib kelishini maʼlum qilgandi.
Bunday issiq havo paytida poʻlat izlardagi harorat yanada yuqori boʻladi. Shu bois harakat xavfsizligini taʼminlash maqsadida anomal issiqlik tufayli poyezdlar tezligiga cheklov belgilangan. Shu sababli poyezdlar belgilangan manzillarga kechikib borish holatlari kuzatiladi.
Bundan tashqari, havo haroratining keskin koʻtarilishi tufayli poyezd harakat jadvalida oʻzgarish kuzatilmoqda. Xususan, 26-iyun kuni:
- Toshkent-Buxoro yoʻnalishida harakatlanadigan 10-sonli Sharq poyezdi;
- Toshkent-Samarqand yoʻnalishida harakatini amalga oshirayotgan 768F-sonli;
- Buxoro-Toshkent yoʻnalishida harakatlanadigan 769 hamda 769-sonli “Afrosiyob” zamonaviy poyezdlari;
- Xiva-Andijon yoʻnalishida harakatlanadigan 656-sonli, Xiva-Buxoro yoʻnalishida harakatlanadigan 50-sonli hamda Toshkent-Qoʻngʻiroq yoʻnalishida harakatlanadigan 54-sonli yoʻlovchi poyezdlari manziliga harakat jadvalidan kechikib borishi kuzatilmoqda.
“Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ rahbariyati bunday noqulaylik uchun yoʻlovchilardan uzr soʻraydi", deyiladi xabarda.