Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Toshkent viloyatining Boʻstonliq tumanidagi binolar majmuasini auksion savdosiga qoʻydi.
Xaridorlarga avval “Oʻzogʻirsanoatloyiha” kompaniyasining shuba korxonasi “Zumrad servis"ga tegishli boʻlgan binolar majmuasi taklif etilmoqda. Suratga koʻra, bu dam olish maskani boʻlishi kerak edi.
2000-yilda qurilgan majmua 7,04 gektar maydonda joylashgan. Shundan 2832 kv metri asosiy ikki qavatli va uchta yordamchi bir qavatli binolardan tashkil topgan. Elektr va suv bor, lekin gaz va kanalizatsiya tarmoqqa ulanmagan.
Shartlarga koʻra, xaridor lotni sotib olgandan keyin 24 oy ichida kamida 100 oʻrinli 4 yulduzli mehmonxona ochishi kerak. Investitsiya loyihasi doirasida “Chorvoq” turistik zonasi direksiyasi bilan kelishilishi talab etiladi.
Lotning boshlangʻich bahosi — 32,52 mlrd soʻm. Auksion 1-avgust kuni soat 10:00 da boshlanadi. Ariza shu sanada soat 9:00 ga qadar qabul qilinadi.
Obyekt Vazirlar Mahkamasining 2020-yil sentyabrdagi qaroriga muvofiq sotuvga qoʻyilgan.