Hozirda jamoatchilik muhokamasiga qoʻyilgan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Yoqilgʻi-energetika resurslari narxlarini oʻzgartirish toʻgʻrisida"gi qarori loyihasi ishchi guruh tomonidan oʻrganilmoqda. Bu haqda Energetika vazirligi xabar bermoqda.

Mazkur loyiha doirasida fuqarolardan mingdan ortiq murojaat kelib tushgan boʻlib, ayni paytda Energetika, Moliya, Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirliklari mutaxassislari tomonidan oʻrganilib, tahlil qilinmoqda.

Qabul qilingan takliflar boʻyicha barcha xulosalar va mutaxassislarning xulosalari taqdim etilgandan soʻng, ushbu masala boʻyicha yakuniy va tegishli qaror qabul qilinadi.

Qabul qilingan meʼyoriy-huquqiy hujjatlarga koʻra, tariflarning oʻzgarishi hukumat qarori qabul qilingan kundan boshlab 15 kundan keyin kuchga kiradi.

Shu munosabat bilan, 2022-yil 1-iyuldan elektr va gaz tariflariga oʻzgartirishlar kiritilmaydi, deyiladi xabarda.

Avvalroq Jahon banki qayta tiklanadigan energiya manbalari uchun Oʻzbekistonga $143 mln ajratishi haqida yozgan edi.