Krasnodar oʻlkasi rasmiylari oʻzbek kompaniyalari uchun savdo-logistika markazi ochishni rejalashtirmoqda, bu haqda “TASS” yozmoqda.
Kuban gubernatori Veniamin Kondratiyev Bosh vazir maslahatchisi Mehriddin Xayriddinov bilan suhbatda hamkorlikning yangi rejalarini maʼlum qildi. Tadbirda Oʻzbekistonning Rossiyadagi elchisi Botirjon Asadov ham ishtirok etdi.
“Qulaylik va toʻgʻridan-toʻgʻri yetkazib berish uchun biz Krasnodarda Oʻzbekiston korxonalari uchun savdo-logistika markazini tashkil etishda, respublikada Kuban va mintaqamizda Oʻzbekiston savdo uylarini ochishda yordam berishga tayyormiz”, dedi Kondratiyev.
Yigʻilishda taqdim etilgan maʼlumotlarga koʻra, 2021-yilda oʻzaro tovar ayirboshlash hajmi $100 mln.ga yetgan, soʻnggi besh yilda bu koʻrsatkich qariyb ikki barobarga oshgan.
Birgina yanvar-mart oylarida tovar ayirboshlash hajmi $22,5 mln.ni tashkil etdi. Kuban Oʻzbekistonga birinchi navbatda oʻsimlik va hayvon yogʻi hamda yogʻ-moy mahsulotlari yetkazib beradi. Meva, sabzavotlar, yongʻoqlar va toʻqimachilik mahsulotlari esa Oʻzbekistondan keladi.
Viloyat rahbari matbuot xizmati taʼkidlaganidek, Oʻzbekistonda ishlab chiqarilgan mato, ip va aksessuarlar Kuban korxonalari orasida xaridorgir boʻladi. Buning evaziga viloyat goʻsht-sut mahsulotlari, konserva, oziq-ovqat uskunalari, radioelektronika eksportini oshirishi mumkin.
May oyida Krasnodar oʻlkasi va Andijon viloyati vakillari mintaqaviy savdo uylarini oʻzaro ochish toʻgʻrisida kelishib olgandi. Keyin, shuningdek, kubanliklar uchun toʻqimachilik, Oʻzbekiston uchun esa meva-sabzavot va vino yetkazib berish asosiy manfaatdor ekanligi qayd etildi.