Xitoyning Chery avtokonserni Oʻzbekistonga ilk avtomobillarini rasman yubordi. Bu haqda Spotga kompaniya matbuot xizmati xabar berdi.

Avtomobillarni joʻnatish marosimi 28-iyun kuni boʻlib oʻtdi. Marketing boʻlimi maʼlumotlariga koʻra, bunga uchta model — Tiggo yoʻltanlamasning ikkita versiyasi (Tiggo 8 Pro Max va Tiggo 7 Pro) va Arrizo 6 sedani kiradi.

Mashinalar iyul oyi oʻrtalarida belgilangan manzilga yetib borishi kutilmoqda. Oʻzbekistonda ular koʻrgazma va test-drayvlar uchun qoʻllaniladi.


Tiggo 8 PRO MAX boshqaruv sinfidagi yoʻltanlamas Pro-line flagmani hisoblanadi. Model 2.0 TGDI dvigateli va robotlashtirilgan 7 bosqichli DCT7 vites qutisi bilan jihozlangan.

Tiggo 8 PRO MAX allaqachon dunyoning turli mamlakatlarida oʻzini koʻrsatib ulgurgan. Aprel oyida ushbu modelning 500 minginchi nusxasi konveyerdan chiqdi.


Shuningdek, oʻzbekistonlik xaridorlarga tanishish uchun Tiggo 7 PRO yoʻltanlamasi modeli taqdim etiladi. Mashina besh oʻrindiqqa ega, 165 ot kuchiga ega 1,5 TCI dvigateli bilan jihozlangan va 6,6 litr yoqilgʻi sarfi bilan taʼminlangan.

Xitoydan tashqari, mashina Braziliya, Saudiya Arabistoni, Qatar, Italiya, Janubiy Afrika va boshqa mamlakatlarda ham mavjud. Ishlab chiqarilgan kundan boshlab ikki yildan kamroq vaqt ichida sotuvlar 44 ming donadan oshdi.


Nihoyat, sinov partiyasiga M1X platformasida qurilgan Arrizo 6 PRO sedani kiradi. Mashinada 1,5T dvigatel va 9 pogʻonali uzatmalar qutisi ham mavjud. 2021 yilda model 7-Carsughi LʼAuto Preferita tanlovida “Best Medium” mukofotini oldi.

Roʻyxatda keltirilgan avtomobillar sotilishi 2022-yilning uchinchi choragida boshlanishi rejalashtirilgan. Dastlab Toshkentda Chery avtosalonlari ochiladi, kelajakda kompaniya qamrovini yana 7 ta shaharga kengaytirishni rejalashtirmoqda.

Avvalroq Spot nashri Kia Uzbekistan Sportage krossoveriga oldindan buyurtmalarni ochganini yozgan edi.