Toshkent xalqaro aeroportida terminalga kuzatuvchilarning kirishiga vaqtinchalik cheklovlar joriy etildi. Bu haqda “Uzbekistan Airports” xabar berdi.
Qayd etilishicha, bu ziyoratchilarning Haj safariga joʻnab ketishi va Hajdan qaytib kelishi, shuningdek, Toshkent xalqaro aeroportida olib borilayotgan rekonstruksiya ishlari munosabati bilan amalga oshirilmoqda.
Terminal binosi va terminal oldi hududlarda tirbandliklar hamda tiqilinch holatlarning oldini olish maqsadida cheklovlar joriy yil 31-iyuliga qadar amal qiladi.
Maʼlum qilinishicha, estakadaga chiqish avtomobillar va avtobuslar uchun ochiq.
Maʼlumot uchun, taksilar, sayyohlik avtobuslari va chet el delegatsiyalari transporti uchun estakadada harakatlanishga ruxsat etiladi.
Estakada boʻylab terminalga oʻtish qoidalari quyidagicha:
- estakada oʻng tomondagi chizigʻi sayyohlik avtobuslari va mikroavtobuslar uchun, chap tomondagi chizigʻi esa taksilar uchun moʻljallangan;
- taksilar uchun estakadada yoʻlovchilarni olish/tushirish vaqti 5 daqiqadan, sayyohlik avtobuslari va mikroavtobuslar uchun 10 daqiqadan oshmasligi kerak;
- estakada oʻng va chap chiziqlarini ajratib turadigan sariq chiziqda toʻxtash taqiqlanadi va jarima toʻlanishini nazarda tutadigan qoidabuzarlik hisoblanadi.
Estakadada bir vaqtning oʻzida 30 ta yengil avtomobil yoki turistik avtobuslarni hisobga olgan holda, 17 ta avtomobil joylashishi mumkin.