2022 — yil jahon iqtisodiyoti bir vaqtning o‘zicha bir qancha muammolarga duch keldi. Kuzda boshlangan energiya inqirozidan tashqari uzoq vaqtdan buyon davom etib kelayorgan koronavirus pandemiyasi oqibatlariga qoʻshimcha ravishda kun tartibida iste’mol inqirozi ham paydo bo’ldi.
Pandemiya o‘sib borayotgan iste’mol tovarlari narxini yanada koʻtarilishga olib kelgan mexanizm bo‘lgan bo‘lsa, Ukrainadagi urush xalqaro savdodagi mavjud muammolarni yanada qiyinlashtirdi.
O‘zbekiston jahon iqtisodiyotining bir qismidir, shuning uchun yuzaga kelayotgan tashqi omillar ichki iqtisodiy vaziyatga ta’sir koʻrsatadi. Dunyo bo‘ylab oziq-ovqat narxining oshishi O‘zbekiston iqtisodiyotiga ham ta’sir qiladi.
Pandemiya oqibatlari
Koronavirus pandemiyasi rivojlanayotgan mamlakatlarda aholini oziq-ovqat bilan taʼminlash muammosini keskin kuchaytirdi.
2021-yilda oziq-ovqat narxlari o‘tgan yilga nisbatan 28%ga oshdi. Agar 2020-yilda FAO oziq-ovqat narxlari indeksining o‘rtacha qiymati 98,1 punktni tashkil etgan bo‘lsa, keyingi yilda u 125,7 punktga yetdi.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xo’jaligi tashkiloti (FAO) tomonidan tuzilgan indeksning bunday keskin oʻsishi oziq-ovqat mahsulotlarining nisbatan arzon jahon narxlari zanjirini buzdi.
Tadqiqotchilarning fikricha, asosiy oziq-ovqat mahsulotlari narxining tez oʻsishi Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika mamlakatlarida norozilik to’lqiniga sabab boʻldi, shuning uchun bu mavzu nafaqat iqtisodiy, balki ijtimoiy-siyosiy ahamiyatga ega.
Oʻtgan yili narxlarning bunday tez oʻsishi sabablari orasida FAO quyidagi dastlabki shartlarni qayd etadi:
- oziq-ovqat va hayvonlar ozuqasiga yuqori talab;
- asosiy eksport qiluvchi mamlakatlardagi noqulay ob-havo sharoiti;
- ba’zi yirik eksportchilar tomonidan eksport cheklovlari bilan bogʻliq noaniqlik;
- yuqori ichki transport xarajatlari va eksport qiluvchi mamlakatlarda ishlab chiqaruvchilar uchun xarajatlarning oshishi;
- pandemiya tufayli tovarlarni yetkazib berish zanjirlarining uzilishi.
Oʻz navbatida, Jahon banki iyun oyidagi jahon iqtisodiyoti prognozi boʻyicha sharhida 2022-yilning birinchi yarmida xom ashyo narxlarining oshishiga qisman Ukrainadagi harbiy amaliyotlar sabab boʻlganini koʻrsatmoqda.
Ukraina faktori
O‘sib borayotgan xalqaro keskinlik jahon oziq-ovqat bozoridagi salbiy tendensiyalarni yanada kuchaytirdi. 24- fevraldan keyingi voqealar bugʻdoy, oʻsimlik yogʻi, makkajoʻxori va arpaning eng yirik eksportchilari boʻlgan Ukraina va Rossiyaga bevosita ta’sir qildi.
Natijada FAO narxlari indeksi 2022-yil may oyida 157,4 punktga, don mahsulotlari narxlari indeksi esa 173 punktga ko‘tarildi. O‘tgan yilning shu davriga nisbatan oziq-ovqat va don mahsulotlari narxlari mos ravishda 22 va 31%ga oshgan.
Ekin yetishtirishga xolis yondashadigan bo‘lsak, FAO 4 yil ichida birinchi marta jahon bozorida bug‘doy yetishtirishning 0,8%ga kamayib, 771 million tonnaga yetishini bashorat qilmoqda.
Ishlab chiqarishning pasayishi kutilayotgan mamlakatlar orasida Avstraliya, Hindiston, Marokash va Ukraina bor. Rossiyada esa aksincha, oʻsish boʻlishi mumkin.
O’zbekistonga ta’siri
Tashqi omillar ta’sirida atrofda boʻlib oʻtayotgan voqealar Oʻzbekistonni chetlab oʻtmaydi.
O’zbekiston Markaziy bankining chorak boʻyicha taqdim etgan havolasida, oʻtgan 2020 va 2021-yillarda koʻplab davlatlarda noqulay ob-havo sharoitlari fonida asosiy oziq-ovqat mahsulotlari hosilining kutilganidek boʻlmagani, ishchi kuchi yetishmasligi, mahsulot eksportiga qoʻyilgan ta’qiqlar, ta’minot va yetkazib berish zanjiridagi uzilishlar, shuningdek, uy xoʻjaliklarining iste’moli asosan oziq-ovqat mahsulotlariga yoʻnaltirilgani kabi bir qator omillar ta’sirida jahon bozorida asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari narxining keskin oʻsishi kuzatildi, deya tahlil qilinadi.
Jahonda oziq-ovqat tovarlari narxining alternativ koʻrsatkichi hisoblangan FAO indeksida ham yuqoridagi holatlar oʻz aksini topgan boʻlib, 2021-yilda asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlarning yillik hisobda qimmatlashishi oʻtgan 20-yildagi eng yuqori koʻrsatkichni qayd etdi.
Tahlilchilar tomonidan joriy oziq-ovqat hamda ozuqa-yem mahsulotlari boʻyicha talab va taklif oʻrtasida yuzaga kelgan nomunatosiblik sababli ushbu mahsulotlarning narxlari yana 8−22%gacha qimmatlashishi mumkinligi ta’kidlanmoqda.
Yil boshida e’lon qilingan prognozlarga koʻra, 2022-yil yakunlari boʻyicha inflyatsiya darajasi yillik 8−9% atrofida boʻlishi kutilgan edi.
Biroq, bugungi kundagi tashqi xatarlar kuchayib borayotgan sharoitlarda jahonda asosiy turdagi oziq-ovqat va nooziq-ovqat mahsulotlari hamda energiya resurslari narxining sezilarli darajada qimmatlashib borayotgani va uning ichki narxlarga yuqori oʻtuvchi ta’sirlaridan kelib chiqib, inflyatsiyaning oʻrta muddatli prognozi qayta koʻrib chiqildi.
Hisob-kitoblarga koʻra, 2022-yilning II choragidan boshlab inflyatsiya koʻrsatkichi tezlashadi va yil yakuniga kelib yillik inflyatsiya darajasi 12−14% atrofida boʻlishi kutilmoqda.
O’zbekistonning oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashning asosiy muammosi sifatida ichki bozorga oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazib beruvchi asosiy mamlakatlarda oziq-ovqat mahsulotlarini eksport qilishni cheklashdir.
Masalan, Qozog‘iston don va un eksport qilish kvotalari muddatini 30-sentabrgacha uzaytirdi. Avvalroq, Rossiya 30-iyungacha don eksportiga ham cheklovlar kiritgan edi, ular 11 million tonna, shu jumladan 8 million tonna bug’doy kvotasi bilan cheklangan.
Xulosa
Xalqaro siyosiy beqarorlik fonida avj olgan oziq-ovqat inqirozi O‘zbekiston uchun turli muammolarni keltirib chiqarmoqda.
Birinchidan, oziq-ovqat narxlarining o’sishi qashshoqlik chegarasidan past boʻlgan odamlar sonining keskin o’sishiga olib keladi.
Ikkinchidan, oziq-ovqat narxining oshishi ijtimoiy keskinlikning kuchayishiga olib keladi, bu esa oʻz-oʻzidan norozilik namoyishlariga o’tadi.
Uchinchidan, Afg‘oniston energiya va oziq-ovqat narxlarining ko‘tarilishi natijasida yuzaga kelgan gumanitar falokat uchun potentsial nuqta hisoblanadi, bu esa ochlik muammosini yanada kuchaytiradi.
Shunday qilib, bularning barchasi mamlakat hukumatidan aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari uchun inqiroz oqibatlarini yumshatish uchun tezkor choralar ko‘rish va zarur qarorlar qabul qilishga tayyor bo‘lishni talab qiladi.