Buxorolik dasturchilar Amerika Qoʻshma Shtatlari bilan hamkorlik qilishmoqda. Viloyatda Masofaviy xizmat koʻrsatish markazi tashkil etildi. Bu haqda “O‘zbekiston 24” lavhasida xabar berildi.
AQSHga masofaviy xizmat ko’rsatuvchi markazda 50 nafar ishchi oʻrni yaratilgan boʻlib, unda 50 dan ortiq yoshlarni kasbga oʻrgatish va qisqa vaqt ichida ish bilan ta’minlash koʻzda tutilgan.
Markaz rahbari Sardor Safarov AQSHda shu soha boʻyicha ishlab, 5 yillik tajriba orttirgan.
“2018 yilda Amerikadagi logistika biznesini autsorsing qilish gʻoyasi kelgan. U yerda ishchi kuchi judda qimmat hisoblanib, hattoki Amazon, Google kabi katta kompaniyalar ham Hindiston, Filippindan autsorsing qilishadi”, — deydi Safarov.
Autsorsing — kompaniyangiz funksiyalarining bir qismini boshqa bajaruvchi tashkilotga berish.
Uning soʻzlariga koʻra, kelajakda sohani rivojlantirish koʻzda tutilgan boʻlib, dasturlar yaratish va katta kompaniyalarga xizmat koʻrsatish rejalashtirilgan.
Oʻzbekiston bugungi kunda IT sohasining jadal rivojlanishi uchun bir qator loyihalarni amalga oshirmoqda.
Hukumatning maqsadi 2022-yilga moʻljallangan $100 mln.ga nisbatan 2028-yilga borib IT eksportini $1 mlrd.ga yetkazishdir.
Bugungi kunda Oʻzbekiston IT-eksportining qariyb 80%i AQSHga toʻgʻri keladi.
Hozirda IT Park tarkibiga 650 ga yaqin kompaniya, jumladan Exadel va EPAM kiradi.
AKT vazirining soʻzlariga koʻra, 2021 yilda EPAM Oʻzbekistonda 300 ga yaqin kishini ish bilan taʼminlagan boʻlsa, mazkur yilda kompaniya xodimlari sonini 3000 kishiga yetkazishni rejalashtirmoqda.