Rossiya va Belorussiya IT mutaxassislari Oʻzbekistonda qoʻnim topdilar. Ukrainadagi urush Rossiyaga qarshi keng koʻlamli sanksiyalarga, shuningdek, Ford kabi koʻplab xorij kompaniyalarining chiqib ketishiga olib keldi.

Hatto sanksiyalar ostida qolmagan kompaniyalar ham oʻzgacha senzuraga duchor boʻlishdi, ayniqsa dasturiy taʼminot muhandislari qattiq zarbaga uchradi.

Bu, oʻz oʻrnida, 1,8 mln dan ortiq mutaxassisdan 70 mingga yaqinining dunyo boʻylab tarqalishiga olib keldi. Baʼzilar Estoniyaga, boshqalari esa butun Yevropa boʻylab tarqaldi. Shu oʻrinda Toshkentga ham bir nechtasi koʻchib keldi.

Kadrlar masalasi

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sherzod Shermatov Forbes nashri bilan suhbatda Oʻzbekiston yetarlicha inson kapitaliga ega ekanligini qayd etdi.

“Oxirgi uch yarim yil ichida biz koʻpchilik bitiruvchilarimiz ingliz tilini mukammal bilishi va IT sohasida pul topishi uchun „English Speaking Nation“ va „IT Nation“ nomli hukumat loyihalarini amalga oshirdik”, — dedi u.

Shermatov, shuningdek, Oʻzbekiston boshqa davlatlardan farqli oʻlaroq kompaniyalar uchun eng yaxshi soliq rejimiga ega ekanligini qoʻshimcha qildi.

Uning soʻzlariga koʻra, 2022-yil fevral oyi oxiridan beri 6000 ga yaqin rus va belorus mutaxassislari Toshkentga kelgan boʻlib, ularning bir qismi AQSh kompaniyalari tomonidan koʻchirilgan.

Exadel va EPAM Systems kompaniyalari “minglab” muhandis-dasturchilarini Minsk (Belarus)dan olib chiqib, IT Park tomonidan tashkil etilgan reyslar yordamida Toshkentga joʻnatgan.

Bugungi kunga kelib IT Park tarkibiga 650 ga yaqin kompaniya, jumladan Exadel va EPAM kiradi.

AKT vazirining soʻzlariga koʻra, 2021 yilda EPAM Oʻzbekistonda 300 ga yaqin kishini ish bilan taʼminlagan boʻlsa, mazkur yilda kompaniya xodimlari sonini 3000 kishiga yetkazishni rejalashtirmoqda.

IT bozorini rivojlantirish

Hukumatning maqsadi 2022-yilga moʻljallangan $100 mln.ga nisbatan 2028-yilga borib IT eksportini $1 mlrd.ga yetkazishdir.

Bugungi kunda Oʻzbekiston IT-eksportining qariyb 80%i AQShga toʻgʻri keladi.

Oʻzbekiston IT sohasi delegatsiyasi Amerikaga qilgan safari chogʻida Plug and Play Tech Center, Apple, PayPal kabi kompaniyalar rahbarlari bilan uchrashdi.

“Bu Oʻzbekistonning IT texnologiyalari yordamida rivojlangan davlatga aylanishi uchun imkoniyatdir”, — deydi IT Park bosh direktori Farhod Ibragimov.

Oʻzbekiston koʻplab xorijiy kompaniyalarni mamlakatga rivojlanayotgan bozor sifatida qarashi uchun bel bogʻlagan.

Mazkur jarayonni amalga oshirishga Nyu-Yorkda joylashgan RevoTech kompaniyasi asoschisi, vatandoshimiz Nodir Roʻzmatov ham oʻz hissasini qoʻshmoqda.

RevoTech 2018-yilda atigi toʻrt nafar xodimga ega startap edi. Hozirda Toshkentda 450 dan ortiq kishi mehnat qilmoqda, bugun kompaniya Toshkentda 20 qavatli ofisini barpo etmoqda.

“Biz oʻz xizmatlarimizni AQSh sugʻurta kompaniyasiga taklif qildik va ular hamkorlik qilayotgan hind kompaniyasidan unchalik mamnun emasliklarini aytishdi. Men ularga Toshkentdagi ofisim haqida maʼlumot berib, asta-sekin Oʻzbekiston bilan tanishtira boshladim”, — deydi Roʻzmatov.

Uning soʻzlariga koʻra Oʻzbekiston mutaxassislarining ish sifati yaxshi va narxlari Hindistonga nisbatan raqobatbardoshdir.