Tesla xodimlari ofisga kirish uchun ruxsatnomalaridan qanchalik tez-tez foydalanishini kuzatishni boshladi. Uzoq vaqt davomida ish joyida boʻlmaganlarga kompaniya avtomatik xabarnoma yuboradi va tushuntirish talab qiladi.

Tesla xodimi Blind veb-saytida shunday xatning skrinshotini joylashtirdi. Platforma foydalanuvchilarning shaxsini ularning kompaniya elektron pochtasi orqali tekshiradi.

Nashrdan maʼlum boʻlishicha, Tesla xodimni oxirgi oyda kamida 16 kun davomida kompaniya obyektiga maxsus ruxsatnomadan foydalanmay kirgani haqida xabar bergan.

“Eslatib oʻtamiz, barcha xodimlar ofisga toʻliq vaqtli qaytishlari kerak. Bu yerda emasligingizning turli sabablari borligini tushunamiz, jumladan, kasallik, taʼtil yoki ish safari. Biroq qanday boʻlmasin, iltimos, yoʻqligingiz sababini menejeringizga elektron pochta orqali xabar qiling va uning nusxasini absence@tesla.com manziliga yuboring”, deyilgan xabarda.

Bundan avval Tesla Kremniy vodiysidagi ofislaridan birini yopishi va 200 ga yaqin xodimini ishdan boʻshatishi haqida xabarlar tarqalgandi.

Kompaniya egasi Ilon Mask global iqtisodiyotdagi vaziyatdan xavotirlar fonida kompaniya xodimlarining 10%ini qisqartirishni rejalashtirayotganini maʼlum qilgandi.