Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida qurilish va ipoteka sohalarida islohotlarni jadallashtirish hamda arxitektura yoʻnalishidagi oliy taʼlim muassasalarini transformatsiya qilish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi.
Yigʻilishda yaratilgan imkoniyat va shart-sharoitlarga qaramasdan, ipoteka krediti orqali aholini uy-joylar bilan taʼminlash ishlari talab darajasida emasligi koʻrsatib oʻtildi.
Xususan, joriy yilda 43 mingta uy-joy uchun byudjetda banklarga 13 trln soʻm resurs koʻzda tutilgan boʻlib, oʻtgan olti oyda 3,6 trln soʻm (28%) oʻzlashtirilgan.
Shuningdek, 29 ming nafar aholiga subsidiya uchun 1,2 trln soʻm ajratilgan boʻlsa-da, 8,5 ming nafariga 365 mlrd soʻm (30%) toʻlab berilgan.
Ajratilgan resurs va subsidiyani oʻzlashtirish darajasi Sirdaryo, Jizzax, Qashqadaryo va Toshkent viloyatlarida 25% dan past.
1-sentyabrga qadar tuman va shaharlarning qulay joylarida bank, moliya, quruvchi tashkilotlar, notarius, kadastr idoralari bir joyda oʻtirib, aholiga yangi uy-joylar loyihasi, narxi, kredit va subsidiya shartlari boʻyicha batafsil xizmat koʻrsatadigan Ipoteka markazlarini tashkil qilishga koʻrsatma berildi.
Bir oy muddatda subsidiya ajratishdagi byurokratiyani kamaytirish, qurilish uchun yerlarni savdoga chiqarishni 2 baravarga koʻpaytirish boʻyicha qaror loyihasini kiritish topshirildi.