AOKAda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi mutasaddilari ishtirokida matbuot anjumani boʻlib oʻtdi.

Unda ma’lum qilinishicha, xorijda vaqtinchalik faoliyat bilan shugʻullanayotgan Oʻzbekistonliklar soni 2 mln.dan oshgan, shundan 568 ming nafari (24,1%) ayollar, 827 ming nafari esa (35,1%) yoshlardir.

Ularning asosiy qismi (1,5 mln) Rossiya, 366 ming nafari Qozogʻiston, 144 ming nafari Turkiya, 47 ming nafari Janubiy Koreya va 348 minggi boshqa mamlakatlar hissasiga toʻgʻri keladi.

Joriy yilning o‘tgan 5 oyida jismoniy shaxslarning xorijdan pul o‘tkazmalari $4,1 mlrd.ni tashkil etdi, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 61%ga ko‘pdir.

Bugungi kunga kelib xususiy bandlik agentliklari reyestrida roʻyxatdan oʻtgan 80 yuridik shaxsga xorijda ishlash istagida boʻlgan fuqarolarni ishga joylashtirish faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziyalar berildi.

71 ta xususiy bandlik agentligining litsenziyalari bekor qilindi (shundan 12 tasiga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan). Hozirda 6 ta litsenziyalangan xususiy bandlik agentliklari mavjud.

Avvalroq Oʻzbekistonda tadbirkorlikni yoʻlga qoʻymoqchi boʻlgan migrantlar uchun “50×50” dasturi joriy etilishi, dastur doirasida 33 mln soʻmgacha garov taʼminotisiz ajratilishi haqida xabar berilgandi.

“Oʻz kelajagimga oʻzim investor” loyihasi ham joriy etilib, unga koʻra kamida ming nafar mehnat migrantiga ishlab chiqarish, qishloq xoʻjaligi, qurilish, transport, xizmat koʻrsatish yoʻnalishidagi loyihalar uchun BHMning 500 baravarigacha kredit ajratilishi koʻzda tutilgan.