Uorren Baffet sarmoya kiritgan Xitoyning “BYD” avtokonserni elektromobillar savdosi bo‘yicha Ilon Maskning “Tesla"sini ortda qoldirdi. Bu haqda kompaniya ma’lumotlariga tayanib “Financial Times” nashri xabar berdi.
2022-yilning birinchi yarmida kompaniya 641 mingta avtomobil sotdi, bu o‘tgan yilga nisbatan 300%ga ko‘p. “Tesla” esa 564 mingta avtomobil savdosini amalga oshirgan.
“BYD”, shuningdek, elektromobillar uchun batareyalar ishlab chiqarish bo‘yicha Janubiy Koreyaning LG kompaniyasini ortda qoldirib, ushbu yo‘nalishdagi dunyodagi yirik kompaniyalar qatoridan ikkinchi o‘rinni egalladi.
Mazkur ko‘rsatkich bilan kompaniya CATL nomi bilan tanilgan Xitoyning Contemporary Amperex Technology kompaniyasidan keyingi o‘rinda turadi.
BYD O‘zbekistonda
Aprel oyida O‘zbekiston “BYD” bilan hamkorlikda elektromobillar va elektroavtobuslar ishlab chiqarish imkoniyatlarini o‘rganishi ma’lum bo‘ldi.
O‘rganilgan ma’lumotlar biznes-rejani ishlab chiqishga imkon beradi, loyihaning keyingi bosqichi — ishlab chiqarish to‘g‘risida shartnoma imzolash va qo‘shma korxona tashkil etish bo‘ladi.
Loyiha elektromobil akkumulyatorlari va elektrodvigatellarga texnik xizmat ko‘rsatish tarmoqlarini yaratishni ham o‘z ichiga olgan.
BYD Auto Industry Co., Ltd. (“Build Your Dreams”) — BYD Co Ltd transmilliy kompaniyasiga tegishli korxona bo‘lib, u yangi energiya manbalaridan (NEV) foydalangan holda transport vositalarini ishlab chiqaradi. Ko‘pgina “BYD” modellari an’anaviy dvigatelga qo‘shimcha ravishda batareyadan foydalanadigan gibridlardir.