Qoraqalpogʻistonda “Nukus texnoparki” maxsus sanoat zonasi tashkil etiladi. Bu haqda Prezident qarorida keltirilgan.

Texnopark “Nukus” erkin iqtisodiy zonasidagi 30 gektar boʻsh yer maydonida joylashadi.

Xalqaro standartlarga muvofiq energiya tejamkor ekologik xavfsiz ishlab chiqarish quvvatlarini barpo etish Texnopark faoliyatining asosiy yoʻnalishlaridan biri hisoblanadi.

2023−2024-yillarga moʻljallangan ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturi doirasida Texnoparkning muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish uchun markazlashtirilgan moliyalashtirish manbalari hisobidan kapital qoʻyilmalar limitlari ajratiladi.

Texnopark hududida mahalliy va xorijiy investorlar bilan uzoq muddatli oʻzaro manfaatli sheriklik munosabatlarini yoʻlga qoʻyish orqali investitsiya faoliyatini ragʻbatlantirish va rivojlantirish choralari koʻriladi.

Avvalroq Spot qaror loyihasidan oʻrin olgan Texnopark faoliyatining asosiy yoʻnalishlari haqida ma’lumot bergandi. Xususan:

  • yuqori qiymatga ega boʻlgan, tashqi bozorda xaridorgir va import oʻrnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarishni tashkil etish uchun xorijiy va mahalliy investitsiyalarni keng jalb qilish;
  • xalqaro standartlarga muvofiq energiya tejamkor, atrof-muhit muhofazasini taʼminlashga qaratilgan va ekologik xavfsiz ishlab chiqarish quvvatlarini barpo etish;
  • respublikada ishlab chiqarish va resurs salohiyatidan kompleks hamda samarali foydalanishni taʼminlash orqali mahsulot eksport salohiyatini oshirish maqsadida hududda ishlab chiqarishni kengaytirish;
  • texnopark ishtirokchilari oʻrtasida va butun respublika miqyosida mustahkam sanoat kooperatsiyasi aloqalarini oʻrnatish orqali mahalliy xomashyo va materiallar asosida yuqori texnologik mahsulotlar ishlab chiqarish va mahalliylashtirish jarayonlarini jadallashtirish;
  • texnopark ishtirokchilari uchun yagona ishlab chiqarish infratuzilmasini, shuningdek sertifikatlash, laboratoriya, kadrlar tayyorlash va boshqa zarur xizmatlarni koʻrsatish infratuzilmasini yaratish.

Bundan ilgari Chirchiqda kimyo-industrial texnoparki tashkil etilishi haqida xabar berilgandi.