Markaziy bank 2022-yilning 15-iyulidan boshlab yangi koʻrinishdagi 200 000 soʻmlik banknot chiqarilishi haqida maʼlum qildi.

Mazkur banknot mavzusi “Buyuk Ipak yoʻli” hamda mamlakatimiz hududidagi Fargʻona vodiysining qadimiy tarixiga bagʻishlangan boʻlib, uning oʻlchami 152×69 mm ni tashkil etadi.

Banknotning oʻng tarafida qadimgi “Buyuk Ipak yoʻli"ning ramzi sifatida tuya va “200000” raqami koʻrinishida suv belgilari joylashgan. Old va orqa tomonlarining asosiy rangi — firuza rangda boʻlib, boshqa ranglar bilan uygʻunlashgan.

Banknotlar himoyalangan qogʻozda chop etilgan boʻlib, old va orqa tomonlari maxsus lak bilan qoplangan.

Old tomon

Banknot old tomoni chap qismida Fargʻona viloyatining Qoʻqon shahrida joylashgan “Xudoyorxon oʻrdasi” meʼmoriy yodgorligi tasvirlangan.

Oʻng va chap tomoni chekkasida joylashgan yashil rangdagi maxsus element koʻrish qobiliyati past boʻlgan insonlar uchun moʻljallangan boʻlib, boʻyoqning boʻrtmalik xususiyati hisobiga banknotning qiymatini aniqlash imkonini beradi.

Banknotning quyi qismida naqshinkor tasvir fonida “latent” (yashirin) tasvir “UZ” koʻrinishida berilgan boʻlib, u yorugʻlik manbaiga nisbatan maʼlum qiyalikda koʻrinish xususiyatiga ega.

Yuqoridagi tasvirlar metallograf bosma usulida bajarilgan boʻlib, barmoq uchi bilan siypalaganda boʻyoqning boʻrtmaligini sezish mumkin.

Banknot oʻng qismidagi och fonda nusxa koʻchirishga qarshi har xil diametrdagi xalqalar joylashgan boʻlib, nusxa koʻchirilganda tasvirlardagi aniqlik yoʻqoladi.

Yuqori qismidagi Oʻzbekiston xaritasi chizmasida och chiziqlar bilan “Buyuk Ipak yoʻli” karvon yoʻllari yoʻnalishi koʻrsatilgan.

Orqa tomon

Banknot orqa tomonida miloddan avvalgi III asrga tegishli qadimgi Fargʻona davlatining poytaxti boʻlgan “Axsikent arxeologiya yodgorligi” tasvirlangan.

Markaziy qismida mashhur Quva anorining ramzi sifatida “anor” tasvirida zamonaviy “Spark live” himoya elementi qoʻllanilgan boʻlib, turli qiyalikda rang oʻzgarishi va siljish effektini hosil qiladi.

Oʻng qismida esa Fargʻona vodiysidagi arxeologiya yodgorligi topilmalari — miloddan avvalgi II ming yillikka tegishli boʻlgan sopol idish va ikki boshli ilon koʻrinishidagi qadimiy tosh tumor tasviri aks ettirilgan.

Markaziy bank 200 000 soʻmlik banknotlar oʻz qiymati boʻyicha barcha turdagi toʻlovlar uchun hech qanday cheklovlarsiz qabul qilinishi shartligini eslatgan.