Oʻzbekiston hukumati Fransiya taraqqiyot agentligi va OPEK hamkorlik jamgʻarmasidan qarz mablagʻlarini jalb qilmoqda. Bu haqda Vazirlar Mahkamasining qarorida keltirilgan.

FTAdan jalb qilinayotgan €150 mln miqdoridagi mablagʻ “Yashil iqtisodiyotni rivojlantirish dasturi” loyihasini amalga oshirishga sarflanadi. Mablagʻ 20 yil muddatga, 6 yillik imtiyozli davr bilan ajratiladi.

OPEK ajratayotgan qarz esa Oʻzbekistonning oʻtish davridagi rivojlanish siyosatini jadallashtirishga yoʻnaltiriladi. Bitimga koʻra, jamgʻarma $100 mln ajratmoqda.

Mazkur qarz 5 yillik imtiyozli davr bilan 20 yil muddatda qaytarilishi belgilandi.

Avvalroq Markaziy bank 2022-yilning birinchi choragi uchun hisobot eʼlon qilgandi. Unda tashqi qarz $38,84 mlrd.ni tashkil etgani koʻrsatib oʻtilgan.

Bu Oʻzbekistonning umumiy tashqi qarzi soʻnggi bir necha yil ichida birinchi marta kamayganini anglatadi. Regulyator tashqi qarzning qisqarishini yangi qarzlarni jalb qilishning sekinlashishi bilan izohlagan.

Shundan keyin Oʻzbekistonning xalqaro zaxiralari qariyb $500 mln.ga qisqargani haqida xabar berildi.

2022-yilning 1-iyun holatiga koʻra, Oʻzbekistonning oltin-valyuta zaxiralari $35,4 mlrd ni tashkil qilgan. Taqqoslash uchun, bu koʻrsatkich 2022-yil 1-may holatiga koʻra, $35,9 mlrd boʻlgan.