Vazirlar mahkamasi qarori bilan Buxorodagi yangi “Qorako‘l” erkin iqtisodiy zonasida gaz-kimyo majmuasiga asos solinadi.

Sanoat Energetika Guruhi tomonidan amalga oshiriladigan loyiha umumiy qiymati $4 mlrd.ni tashkil etib, klaster 2300 dan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratilishiga xizmat qiladi.

Majmua tabiiy gaz metanini qayta ishlash imkonini beruvchi MTO (metanoldan olefin olish) texnologiyasi asosidagi polimer mahsulotlari ishlab chiqarish bo‘yicha respublikadagi yirik zavodga aylanishi kutilmoqda.

Korxonada polietilentereftalat va polipropilen, shuningdek, etilenvinilatsetat, past zichlikdagi polietilen va 730 ming tonnagacha polimer mahsulotlari ishlab chiqariladi.

“Bu energetika sanoatini rivojlantirish yo‘lidagi muhim qadam bo‘lib, O‘zbekiston va Markaziy Osiyoda yirik gaz-kimyo loyihalarini amalga oshirish uchun birinchi sanoat platformasini yaratishga xizmat qiladi”, — dedi loyiha menejeri M. Shakirov.

“Qorako‘l” EIZ rezidentlari uchun bir qator soliq, normativ va boshqa imtiyozlar nazarda tutilgan. Xususan, 10 yil muddatga mol-mulk va suv ta’minoti uchun soliq imtiyozlari, asbob-uskunalar va xomashyoni bojsiz olib kirish huquqi berilgan.

Shuningdek, aksizlar va daromad solig‘i 50%ga kamaytirilib, boshqa imtiyozlar qo‘llaniladi.

Ilgari “Spot” neft va gaz sohasida ta’lim klasteri tashkil etilgani haqida xabar bergandi. Neft va gaz sohasida ta’lim, ilm-fan va ishlab chiqarishning o‘zaro integratsiyasini ta’minlash klasterning asosiy yo‘nalishlaridan hisoblanadi.

Bundan tashqari, prezident qarori bilan Maxsus iqtisodiy zonalar ishtirokchilariga foyda soligʻi boʻyicha imtiyoz muddatlari belgilandi.

Unga koʻra, imtiyoz muddati investitsiya hajmiga qarab 3 yildan 10 yilgacha amal qiladi.