Markaziy bank aholi va tadbirkorlik subyektlarining iyun oyi uchun inflyatsion kutilmalari sharhini eʼlon qildi.
Inflyatsion kutilmalar — fuqarolar va xoʻjalik yurituvchi subyektlarni inflyatsiyaning kelajakdagi darajasi toʻgʻrisidagi taxminlari boʻlib, ular iqtisodiy qarorlar qabul qilishda buni eʼtiborga oladilar.
Xususan, ular asosida ishlab chiqaruvchilar va isteʼmolchilar kelajakdagi moliyaviy rejalar va narx siyosatini shakllantiradilar. Shunday qilib, inflyatsiya kutilmalari narxlarga taʼsir qiluvchi asosiy omillardan biridir.
Soʻrov natijalariga koʻra, kelgusi 12 oy uchun narxlar oʻsishi boʻyicha aholining inflyatsion kutilmalari may oyiga nisbatan pasayuvchi dinamikani koʻrsatib, 16,4% atrofida shakllangan boʻlsa, mediana qiymati 14,1% ni tashkil etdi.
Respondentlar tomonidan narxlarga oshiruvchi bosim koʻrsatishi mumkin boʻlgan asosiy omillar sifatida:
- import tovarlari va asosiy oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining sunʼiy oshirilishi;
- ish haqi va nafaqalarning oshirilishi taʼkidlangan.
Tadbirkorlarning kutilmalari
Narxlar oʻsishi boʻyicha biznes vakillarining inflyatsion kutilmalari oʻtgan oyga nisbatan 1,6% ga kamayib, 15,7% ni tashkil etgan boʻlsa, mediana qiymati 13,3% atrofida shakllandi.
Iyun oyida tadbirkorlik subyektlarining koʻpchilik qismi kelgusi 12 oyda inflyatsiyani 9−12% atrofida boʻlishini kutishmoqda.
Tadbirkorlar keyingi 12 oyda narxlar oshishiga:
- ish haqi va nafaqalarning oshishi (29%);
- yoqilgʻi mahsulotlari va transport xizmatlarining narxlari qimmatlashishi (27%);
- import qilinadigan xomashyo va butlovchi qismlar qimmatlashishi (24%) kabi omillar taʼsir etishi mumkinligini taʼkidlashdi.
Shuningdek, import qilinadigan xorijdan xom ashyo yetkazib berishda uzilishlar boʻlishini hamda tijoriy bino va ijara toʻlovlarining oshishini kutayotgan tadbirkorlarning ulushi oʻtgan oyga nisbatan yuqorilagan.
Mavzuga doir: O‘zbekistondagi inflyatsiyaga ta’sir etuvchi omillar. Ekspert fikri.