Markaziy bank banklararo pul bozori sharhini taqdim etdi.

Qayd etilishicha, ikkinchi chorakda pul bozorida I chorak bilan solishtirganda 1,4 barobarga koʻp (oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 1,8 barobarga), jami 38,1 trln soʻmlik operatsiyalar amalga oshirildi.

Taʼkidlash joizki, umumiy likvidlik hajmining ortib borishi bilan pul bozoridagi faollikda ham pasayish tendensiyasi kuzatildi. Xususan, aprel oyida pul bozorida 18,2 trln soʻmlik depozit operatsiyalari amalga oshirilgan boʻlsa, iyun oyida ushbu koʻrsatkich 7,7 trln soʻmgacha qisqardi.

Bunda, hukumat xarajatlarining ortishi va Markaziy bankning ichki valyuta bozoriga intervensiyalari hajmining qisqarishi hisobiga umumiy likvidlik hajmining oʻsishiga taʼsir koʻrsatdi.

Pul bozoridagi operatsiyalar boʻyicha oʻrtacha tortilgan foiz stavkalari aprel-may oylarida 18,0−18,2% atrofida shakllangan boʻlsa, iyun oyida Markaziy bank asosiy stavkasining 1% bandga pasaytirilishi hisobiga pul bozoridagi depozitlar boʻyicha oʻrtacha foiz stavkalar 17,1% gacha pasaydi.


Biroq iqtisodiyotda inflyatsiya darajasining oshib borishi bilan pul bozoridagi real foiz stavkalarida ham keyingi oylarda pasayish dinamikasi kuzatildi. Xususan, inflyatsiya darajasining yillik 12,2% gacha tezlashishi va Markaziy bank asosiy stavkasining pasaytirilishi fonida pul bozoridagi real foiz stavkalari iyun oyida 4,4% gacha pasaydi, deyiladi Markaziy bank sharhida.

Markaziy bank obligatsiyalari qoldigʻi mart oyi yakunidagi 10,5 trln soʻmdan iyun oyi yakunida 18 trln soʻmgacha oshgan boʻlsa, kunlik oʻrtacha overnayt depozit operatsiyalari hajmi 12% ga va kunlik oʻrtacha depozit auksionlari qoldigʻi 38% ga koʻpaygan.

Avvalroq Markaziy bank 15-iyuldan 200 ming so‘mlik banknot muomalaga chiqarilishi haqida xabar bergandi.