Oʻzbekistonga Orenburg viloyatida Markaziy Osiyo mamlakatlari meva-sabzavotlari uchun logistika markazini yaratish taklif qilinmoqda. Bu haqda “TACC” xabar bermoqda.
12-iyul kuni Jizzax viloyati delegatsiyasi bilan uchrashuvda viloyat iqtisodiy rivojlanish, investitsiyalar, turizm va tashqi aloqalar vaziri Denis Goncharov shunday tashabbus bilan chiqdi.
Rasmiylar oʻzbekistonlik hamkorlarni meva-sabzavot mahsulotlarini saqlash, tarqatish va tranzit qilish uchun transport-logistika infratuzilmasini yaratishga taklif qildi. Ayni paytda qoʻshni hududlarda mahsulotlar sotuvi yoʻlga qoʻyilgan, ammo jarayonning tashkil etilmagani noqulaylik tugʻdirmoqda.
Orenburg Markaziy Osiyodan Rossiya Federatsiyasiga eng qulay va oqilona kirish nuqtasidir, dedi Goncharov. Uning soʻzlariga koʻra, “ikki hududning iqtisodiy rivojlanishi nuqtai nazaridan bu yerda markaz tashkil etish ayni muddao”.
Bundan tashqari, vazir viloyatda meva-sabzavot, xususan, gʻalla, tarvuz va qovoqni qayta ishlash boʻyicha qoʻshma korxona tashkil etishni taklif qildi. Sut mahsulotlari fermalari va issiqxonalar tashkil etish masalasi ham muhokama qilindi.
Kelajakdagi korxonalarni joylashtirish uchun Goncharov qurilayotgan Orenburg maxsus iqtisodiy zonasini tavsiya qildi. Oʻz navbatida, Oʻzbekiston delegatsiyasi rahbari Nodir Nurmatov rossiyalik biznes vakillariga “Jizzax” EIZ va unda amalga oshirilayotgan loyihalarni taqdim etdi.
Tomonlar Orenburg viloyati va Oʻzbekiston oʻrtasidagi tovar ayirboshlash barqaror oʻsib borayotganini qayd etdilar. Agar 2021-yilda tovar ayirboshlash hajmi $207 mln.ni tashkil etgan boʻlsa, 2022-yilning birinchi choragida bu koʻrsatkich $105 mln.ga yetdi va oʻtgan yilga nisbatan 2,5 barobar oʻsdi.
Hududlararo ayirboshlash hatto pandemiya sharoitida ham jadal rivojlanmoqda, dedi Nurmatov. 2021-yilda Orenburg va Jizzax oʻrtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 132% ga oshdi.
Avvalroq Spot Krasnodarda Oʻzbekiston kompaniyalari uchun logistika markazi tashkil etish rejalashtirilayotgani haqida xabar bergan edi.