Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi davlat organlari va tashkilotlarida korrupsiyaga qarshi kurashish ishlari samaradorligi reytingini eʼlon qildi.
Unga koʻra, 1-guruh — faoliyati “yaxshi” deb topilgan tashkilotlar:
Davlat bojxona qoʻmitasi, Davlat soliq qoʻmitasi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi;
2-guruh — faoliyati “qoniqarli” deb topilgan tashkilotlar esa:
Adliya, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish, Maktabgacha taʼlim, Transport vazirliklari, Davlat statistika qoʻmitasi, Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish, Davlat aktivlarini boshqarish, Texnik jihatdan tartibga solish agentliklari, Toshkent shahar va Toshkent viloyat hokimliklari;
3-guruh — faoliyati “qoniqarsiz” deb topilgan tashkilotlar:
Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish, Xalq taʼlimi, Qurilish, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim, Moliya, Sogʻliqni saqlash vazirliklari, Sanoat xavfsizligi davlat qoʻmitasi, Alkogol va tamaki bozorini tartibga solish, Kadastr agentliklari, Boʻka va Mirzo Ulugʻbek tumani hokimliklari.
Baholash yakunlari boʻyicha:
- “yaxshi” deb baholangan davlat tashkilotlari korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi ijobiy tajribasi ommalashtiriladi;
- “qoniqarli” deb baholangan davlat tashkilotlariga ular korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi faoliyatini yanada yaxshilash boʻyicha tavsiyalar kiritiladi;
- “qoniqarsiz” deb baholangan davlat tashkilotlarida korrupsiyaga qarshi kurashishda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish va ushbu yoʻnalishdagi faoliyatini yaxshilashga qaratilgan chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqiladi va ijrosi taʼminlash yuzasidan tegishli rahbarlar hisobotlari har chorakda Korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha milliy kengash yigʻilishlarida eshitib boriladi.
Reyting baholash tizimi yil yakuniga koʻra barcha davlat idoralari va tashkilotlari faoliyati boʻyicha amalga oshiriladi va jamoatchilikka eʼlon qilib boriladi.
Avvalroq Spot 2021-yilda korrupsion jinoyatlar oqibatida Oʻzbekistonga 1 trln 282 mlrd soʻm zarar yetkazilgani haqida xabar bergan edi.