2022-yilning yanvar-iyun oylarida Turkiya fuqarolarining ishga joylashish maqsadida Oʻzbekistonga qilgan sayohatlari soni oshdi. Bu Turkiya Bandlik xizmati (İŞKUR) bosh boshqarmasi ma’lumotlaridan kelib chiqmoqda.
Qayd etilishicha, yanvar-iyun oraligʻida İŞKUR orqali Oʻzbekistonga tashrif buyurgan Turkiya fuqarolari soni oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 10,8% ga oshib, 247 nafarni tashkil qildi.
Umuman olganda, hisobot davrida 8393 nafar Turkiya fuqarosi İŞKUR orqali xorijga chiqdi, bu 2021-yilning yanvar-iyun oylariga nisbatan 36% ga koʻpdir.
Maʼlumot uchun, 2022-yil iyun oyida Turkiyada ishsizlar soni 3,5 mln kishini tashkil etdi, bu oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 0,9% ga koʻpdir.
Avvalroq Oʻzbekiston rossiyaliklarning xizmat safari bilan eng koʻp boradigan hududiga aylangani, Rossiyaning eng mashhur xorijiy yoʻnalishlari borasida TOP-3 roʻyxatini Armaniston, Gruziya va Oʻzbekiston egallagani haqida xabar berilgandi.