Jahon banki O‘zbekistonning elektr energetika sektori transformatsiyasiga $380 mln kredit ajratadi. Bu haqda bank matbuot xizmati “Spot"ga xabar berdi.
Yashil iqlim jamg‘armasi (YIJ) esa tiklanadigan energiya manbalari xatarlarini yumshatish tashabbuslari doirasida $43 mln taqdim etadi.
YIJ, shuningdek, loyiha doirasida alohida tadbirlarni amalga oshirish uchun $4 mln.lik grant ajratadi.
O‘zbekistonda elektr energiyasiga bo‘lgan talab 2018-yildagi 61 mlrd kilovatt-soatdan 2030-yilga borib 100 mlrd.dan oshishi kutilmoqda.
Hozirda mamlakatda 250 ming kilometrdan ortiq elektr uzatish va taqsimlash tarmoqlari mavjud. Ularning aksariyati allaqachon o‘z ekspluatatsion resurslarini ishlab bo‘lgan.
Loyiha doirasida 22 ta eskirgan yuqori voltli podstansiyalarni rekonstruksiya, modernizatsiya qilinadi va kengaytiriladi, shuningdek, yangi 500 kV podstansiya va Oʻzbekistonning 11 viloyatida elektr uzatish tarmoqlari quriladi.
“Hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlaridan biri O‘zbekistonga „yashil“ iqtisodiyotga o‘tishda ko‘maklashishdan iborat”, — dedi Jahon bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Marko Mantovanelli.
Uning so‘zlariga ko‘ra, loyiha hukumatga elektr energetika sektorining samarali ishlashida va milliy elektr uzatish tizimini modernizatsiya qilishga ko’maklashadi.
Iyul oyida Oʻzbekiston FTA va OPEKdan qarz mablagʻlari jalb qilayotgani ma’lum boʻldi.
FTAdan jalb qilinayotgan €150 mln miqdoridagi mablagʻ “Yashil iqtisodiyotni rivojlantirish dasturi” loyihasini amalga oshirishga sarflanadi.
OPEK ajratayotgan $100 mln qarz esa Oʻzbekistonning oʻtish davridagi rivojlanish siyosatini jadallashtirishga yoʻnaltiriladi.