2022-yilda O‘zbekistonga Rossiya va Belorussiyadan ko‘plab IT-mutaxassislar ko‘chib kela boshladilar.

“IT Park” ma’lumotlariga ko‘ra, fevral oyi oxiridan beri 6000 ga yaqin rus va belorus mutaxassislari Toshkentga kelgan boʻlib, ularning bir qismi AQSh kompaniyalari tomonidan koʻchirilgan.

Masalan, “Exadel” va “EPAM Systems” kompaniyalari “minglab” muhandis-dasturchilarini Minskdan olib chiqib, Toshkentga joʻnatgan.

Shu tufayli, “EPAM” 2021-yilda Oʻzbekistonda 300 ga yaqin kishini ish bilan taʼminlagan boʻlsa, mazkur yilda xodimlari sonini 3000 kishiga yetkazishni rejalashtirmoqda.

“Spot” “IT Park” tomonidan taqdim etilgan O‘zbekistonga ishlash uchun ko‘chib kelgan IT-mutaxassislar haqidagi maqolalarni bir joyga jamladi.


Marat Bayburin

Marat Bayburin IT sohasida 20 yildan ortiq faoliyat yuritib keladi. U 2020-yilda “Exadel"ga jamoa rahbari sifatida qo‘shilgan.

Hozirda loyihani ishlab chiqishning birinchi bosqichidan, to sinov va texnik yordamning yakuniy bosqichlarigacha muvofiqlashtirish bilan shug‘ullanadi.

Marat Toshkentga kelishiga qadar Rossiyada vakolatxonasiga ega xalqaro kompaniya bilan hamkorlik qilgan. Moskvada ofis o‘z faoliyatini to‘xtatgach esa, unga boshqa mamlakatlardagi ofislarda hamkorlik qilishni taklif qilishdi.

Taqdim etilgan variantlar ichida Polsha, Vengriya qatorida O‘zbekiston ham bor edi. Yevropa mamlakatlarida hozirda ba’zi viza to‘siqlari mavjud, Gruziya va Armanistonda esa relokantlar oqimi haddan tashqari yuqori.

Shu tufayli O‘zbekiston eng to‘g‘ri yo‘nalish bo‘lib ko‘rindi.

Mutaxassis bu yerda banklarda mijozlarga xizmat ko‘rsatish sustligini aytmaganda hech qanday jiddiy muammo yoki qiyinchilikka duch kelgani yo‘q.


Aleksey Sichyov

Aleksey Sichyov “EPAM Systems” kompaniyasida 7 yildan beri ishlaydi. U o‘z karyerasini “middle developer” sifatida boshlagan va hozirda “Java” texnologiyalarini ishlab chiqish bo‘limi boshlig‘i lavozimida faoliyat yuritadi.

O‘tgan yilning sentabr oyida kompaniya rahbariyati Alekseyga “EPAM Uzbekistan"ga resurslarni boshqarish tuzilmasini yaratish, o‘qitish va kadrlar bilan ta’minlashda yordam berishni taklif qildi.

U Toshkentga yanvar oyida keldi va shaharni uch hafta davomida yaqindan o‘rgangach, oilasi bilan Minskdan ko‘chib keldi.

Hozirda Aleksey “Java” boʻlimida tuzilmani yaratish, xodimlarni yollash va ularni ish joyiga moslashtirishga yordam berish, Oʻzbekiston universitetlari bilan hamkorlik qilish masalalari uchun masʼul.

“Mamlakatda IT-sanoati juda mashhur ekanligini payqadim. Hukumat tomonidan sohani rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar, tub o‘zgarishlar, islohotlar haqida tez-tez ko‘rib, eshitib turaman. Bu sur’atda O‘zbekiston tez orada sezilarli darajada yangi bosqichga ko‘tarilishi mumkin”, — deydi u.

Shuningdek, mahalliy IT-mutaxassislarning aksariyati o‘z sohasining professionallari ekanligini, ingliz tilini yaxshi bilishi, texnologik innovatsiyalarga qiziqishi ta’kidladi.


Yevgeniy Krisanov

Yevgeniy Krisanov dasturiy yechimlarni ishlab chiqish va IT-konsalting bilan shug‘ullanuvchi “Itransition” xalqaro kompaniyasida PHP dasturchisi sifatida ishlaydi.

“Biz kiyim-kechak sotuvchi g‘arbiy saytni qo‘llab-quvvatlaymiz, ya’ni yangi funksiyalarni ishlab chiqamiz, uni qo‘llab-quvvatlaymiz, biror narsa buzilsa, tuzatamiz”, — deydi dasturchi.

Dastlab Yevgeniy loyihalar bilan faqat o‘zi uchun shug‘ullangan va shu tariqa sohadagi yangiliklarni o‘rganib, ijodiy salohiyatini ro‘yobga chiqargan. Keyinchalik esa maxsus ta’limga ega bo‘ldi.

U shu yilning mart oyida bir necha mamlakatlarni ko‘rib chiqgach, O‘zbekistonga ko‘chib kelishga qaror qildi.

“Bahorda men Rossiyani tark etishga qaror qildim. Yevropaga borishni xohlamasdim, shuning uchun men uchta davlatni tanlashim kerak edi: Gruziya, Armaniston, O‘zbekiston. Toshkentda kompaniyamizning ofisi ochilgani bois shu yerni tanladim”, — deydi Yevgeniy.

Uning so‘zlariga ko‘ra, relokatsiya jarayoni oson kechdi — ro‘yxatga olish va boshqa masalalar tez hal bo‘ldi.

Yevgeniy O‘zbekiston IT sohasi haqida chuqur ma’lumotga ega bo‘lmasa-da, foydalanuvchi sifatida bir qator muammolarni keltirdi.

Masalan, bank ilovalarida yaxshilanadigan jihatlari mavjud, moliyaviy vositalarning ishonchli bo‘lishi muhim.

Krisanov Toshkentda uzoq vaqt qolishni o‘ylagan, hozir esa bu yerda yashab qolish imkoniyatini istisno etmaydi.


Vladislav

Vladislav “iTechArt"da dasturiy ta’minot ishlab chiqaruvchisi bo‘lib ishlaydi.

“iTechArt Group” dasturiy mahsulotlarni ishlab chiqish, sinovdan o‘tkazish, servis xizmatlarini qo‘llab-quvvatlash, biznes-ilovalarni modernizatsiya qilish va integratsiyalash bo‘yicha jadal rivojlanayotgan kompaniyalardan biridir.

Vladislav kompaniyaga 2015-yilda universitetning 2-kurs talabasi chog‘ida ishga kirgan. U dasturchi-texnik sifatida ish boshlagan, diplom olgandan so‘ng dasturiy ta’minot muhandisiga aylangan. Hozirda kichik dasturchilar guruhi rahbari sifatida faoliyat yuritadi.

U O‘zbekistonga erta bahorda ko‘chib kelgan:

““iTechArt"ning Polsha, Buyuk Britaniya, Qozog‘iston va O‘zbekistonda vakolatxonalari mavjud. O‘zbekistonga ko‘chib o‘tish eng osoni edi, shuning uchun ushbu mamlakatni tanladik. Hozir to‘g‘ri qaror qabul qilganimga amin bo‘ldim”.

Dastlab unda ko‘chib o‘tish borasida shubha bo‘lgan, negaki bu yerda hayot tarzi pastroq bo‘lishi haqida stereotiplar mavjud. Lekin hamma narsani ko‘rgach, bu yerga kelganidan xursand bo‘lgan.

O‘zbekiston IT sohasi haqida

IT sohasini rivojlantirish haqidagi savolga javob berar ekan, Vladislav, birinchi navbatda, bu yerda hamma narsa raqamlashtirilganini va internet tezligining yahshi ekanligini ta’kidladi:

“Kerakli operatsiyalarni bajarish oson. Misol uchun, menga „PayMe“ ilovasi yoqdi — kommunal to‘lovlarni to‘lash uchun juda qulay, hamma narsa bir joyda. Bizda ham onlayn to‘lov imkoniyati mavjud, biroq har bir bank o‘z ilovasini taqdim etadi, ya’ni, siz bir nechta interfeys va kartalarni ulashingiz kerak. Bu yerda tizim markazlashtirilgan”.

U yana shaharda barcha xizmatlar uchun to‘lash mumkin bo‘lgan ko‘plab “Paynet” punktlari mavjudligini qayd etdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Minskda ham operatsiyalarni amalga oshirish mumkin bo‘lgan axborot kiosklari ham bor, biroq bu yerda ularning soni ko‘proq.

Vladislav bu yerda hozircha bir yil qolishni rejalashtirishgan.