Xabaringiz bor, Qoraqalpogʻiston Respublikasi hududida joriy yilning 3-iyulidan 2-avgustiga qadar favqulodda holat joriy etilgan.
DSQning xabar berishicha, Soliq kodeksining 213-moddasi 1-qismi 2-bandi va 215-moddasi 1-qismi 1-bandlariga asosan ushbu hududda faoliyat yuritayotgan soliq toʻlovchilarga nisbatan javobgarlik choralarini qoʻllamaydi.
Qayd etilishicha, qoʻmita favqulodda holat davrida soliq hisobotlarini belgilangan muddatlarda taqdim etmaslik holatlari boʻyicha javobgarlik va taʼsir choralari — bankdagi hisobraqamlar boʻyicha operatsiyalarni toʻxtatish, QQS guvohnomasini amal qilishini vaqtincha toʻxtatish kabilarni qoʻllamaslikka qaror qildi.
Avvalroq DSQ soliq xizmati organlari tomonidan byudjetga tushirilgan tushumlarni eʼlon qilgan edi.
Unga koʻra, joriy yilning birinchi yarmida byudjetga kelib tushgan soliq tushumlari 71 trln soʻmni tashkil etib, oʻtgan yilning shu davriga (61,4 trln soʻm) nisbatan 15,7% ga oʻsgan.